Mashinani tosh bilan urgan erkak 151 ming tenge jarimaga tortildi

Qozog‘istonning Atirau viloyatida erkak boshqa shaxsga tegishli yo‘ltanlamas avtomobilining oynalarini tosh bilan sindirib, sud oldida javob berdi. Unga 151 375 tenge miqdorida jarima tayinlandi. Bu haqda Nur.kz xabar berdi.
Atirau viloyati sudlarining rasmiy Telegram-kanalida ma’lum qilinishicha, Jilioy tuman sudida Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksning 147-1-moddasi 1-qismi bo‘yicha ish ko‘rib chiqilgan.
Sudda aniqlanishicha, erkak Qulsari shahrining 8-uchastkasida joylashgan MCHJ bazasi hududida bo‘lgan vaqtida korxonaga tegishli Toyota Fortuner avtomobiliga tosh otgan. Oqibatda mashinaning haydovchi tomonidagi chap oynasi va old oynasi singan.
Sud majlisida huquqbuzar o‘z aybini to‘liq tan olib, qilgan ishidan pushaymonligini bildirgan.
Uning aybi sudda o‘rganilgan bayonnoma, sud majlisi ishtirokchilarining tushuntirishlari, fotosuratlar hamda ishga oid boshqa materiallar bilan tasdiqlangan.
Jazo tayinlashda sud erkakning aybini tan olgani va qilgan ishidan pushaymonligini ma’muriy javobgarlikni yengillashtiruvchi holatlar sifatida inobatga olgan. Og‘irlashtiruvchi holatlar esa aniqlanmagan.
Sud qaroriga ko‘ra, erkak Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksning 147-1-moddasi 1-qismi bo‘yicha aybdor deb topilib, unga 151 375 tenge miqdorida jarima tayinlangan.
Sud qarori qonuniy kuchga kirgan.






























Izohlar 0
…