112 yoshli erkakning uzoq umr ko‘rish siri ma’lum bo‘ldi

112 yoshli erkakning uzoq umr ko‘rish siri ma’lum bo‘ldi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Yevropadagi eng keksa erkak, 112 yosh 171 kun yashagan Vitantonio Lovallo vafot etdi.
  • Uning uzoq umr ko'rishining asosiy siri sog'lom va xotirjam hayot tarzi, shuningdek, O'rta yer dengizi uslubidagi ovqatlanish ratsioni bo'lgan.
  • Lovallo 103 yoshida ham faol hayot kechirib, o'z qo'li bilan sharob tayyorlagan va 106 yoshigacha qishloqda mehnat qilgan.
  • Uning hayotga bo'lgan munosabati hamda o'z yerini sevishi uning uzoq umr ko'rishiga sabab bo'lgan.

Yevropadagi eng keksa erkak Vitantonio Lovallo 112 yosh 171 kun yashab vafot etdi. “Ziton” laqabi bilan tanilgan Lovallo 15 sentyabr kuni Italiyaning Avilyano shahrida hayotdan ko‘z yumdi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, u 1914 yil 28 martda Avilano yaqinidagi Sarnelli qishlog‘ida tug‘ilgan. Lovallo 16 yoshidan boshlab cho‘ponlik qilgan.

U bo‘lajak rafiqasi bilan ham qishloqda tanishgan. Ayol plevrit kasalligidan keyin tiklanish uchun Sarnelliga kelgan edi. Juftlik 1936 yilda turmush qurib, to‘rt nafar farzandli bo‘lgan: Lyuchiya 1938 yilda, Vinchenso 1940 yilda, Mariya 1946 yilda va yana bir o‘g‘li 1952 yilda tug‘ilgan.

Biroq Vinchenso tug‘ilganidan bir necha oy o‘tib meningitdan vafot etgan. Lovalloning rafiqasi esa 2015 yilda 98 yoshida leykemiyadan hayotdan ko‘z yumgan.

Ikkinchi jahon urushi davrida Lovallo frontga yuborilgan va 1943 yilda Gretsiyada nemis qo‘shinlari tomonidan asirga olingan.

U dastlab Rodos orolida ushlab turilgan, keyin Germaniyaga olib ketilgan. U yerda Stalag VIII C lagerida saqlangan va 1945 yil may oyida sovet qo‘shinlari tomonidan ozod qilingan. Asirlik davrida u temiryo‘l qurilishi kabi og‘ir mehnat ishlariga majbur qilingan.

Vataniga qaytgach, Lovallo xachir yetaklovchi bo‘lib ishlagan va o‘nlab yillar davomida yer bilan mehnat qilgan.

Mikele Chikora 2024 yil 31 martda vafot etgach, Lovallo Italiyadagi eng keksa tirik erkakka aylangan. U, shuningdek, Bazilikata hududidan 110 yoshga yetgan birinchi erkak bo‘lgan.

Ruminiyalik Iliye Chochan 2026 yil 27 mayda vafot etgach, Lovallo Yevropadagi eng keksa tirik erkak maqomiga erishgan.

103 yoshida uzoq umr sirini aytgan

Keks yoshdagi, boshi kal kishi karavotda o‘tirib gapirmoqda.

Lovallo 103 yoshida uzoq umr ko‘rishining asosiy sababi sifatida sog‘lom va xotirjam hayot tarzini ko‘rsatgan.

Qizig‘i, u bu yoshda ham ketmon va tok qaychisi bilan ishlay olgan. Lovallo 106 yoshigacha qishloqda yashab, mehnat qilishda davom etgan. U qo‘y boqqan, uzumzor va dalalarga qaragan. Keyinchalik esa faqat quyon va tovuqlar parvarishi bilan shug‘ullangan.

U hech qachon mashina haydash uchun guvohnoma olmagan va velosiped minishga ham qiziqmagan. Qishloq bo‘ylab asosan xachir yordamida harakatlangan.

Oila a’zolari uning ovqatlanish tartibi asosan O‘rta yer dengizi uslubiga yaqin bo‘lganini aytishgan. Ratsionida dukkakli mahsulotlar, mahalliy yetishtirilgan meva va sabzavotlar ko‘p bo‘lgan.

100 yoshdan oshganida ham u ovqat bilan birga o‘z qo‘li bilan tayyorlagan bir bokal sharob ichib kelgan. Yillar davomida uning asosiy dorisi har kuni qabul qiladigan aspirin va bir nechta qo‘shimchalardan iborat bo‘lgan.

Lovallo qarilik davrida ham mustaqilligini saqlab qolgan. Aytilishicha, u hatto 109 yoshigacha soch-soqolini o‘zi olgan.

Uning nabirasi Sara Lovallo italiyalik OAV vakillariga bobosining hayotga munosabati haqida gapirgan.

“Bobom o‘z yerini yaxshi ko‘rardi va hayotni doimo qadrlardi”, — degan u.

Lovallo urush yillaridagi asirlik davrida ham kundalik yuritgan. Undagi yozuvlardan birida u o‘sha kunlarni juda og‘ir o‘tkazganini, keyin esa hayotni tanlaganini qayd etgan.

Lovalloning dafn marosimi 17 sentyabr kuni Sarnellida o‘tkazilib, keyin u Lagopesoleda dafn etildi.

Uning vafotidan so‘ng 111 yoshli portugaliyalik Joakim Varela Yevropa qit’asidagi eng keksa ma’lum tirik erkakka aylandi.

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar