18 yoshli sportchi “Miss Italia” tojini kiydi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- "Miss Italia" tanlovining 80-finalida Liguriya vakili, 18 yoshli Sara Mariya Rizea g‘olib bo‘ldi.
- Sara Rizea nafaqat go‘zallik tanlovida, balki sportdagi yutuqlari bilan ham ajralib turadi, u badiiy suzish bo‘yicha Italiya terma jamoasi a’zosi.
- Uning sport karyerasida 2024 yilda Belgradda o‘tkazilgan Yevropa chempionatida kumush medalni qo‘lga kiritishi va Limada o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida bronza medalni olishi kabi muhim natijalar bor.
21 sentyabr kuni Rim yaqinidagi Santa-Severa qal’asida “Miss Italia” tanlovining 80-finali bo‘lib o‘tdi. 16 nafar finalchi ishtirok etgan tanlovda Liguriya vakili, 18 yoshli Sara Mariya Rizea g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. U finalga “Miss Liguria” unvoni bilan yetib kelgan edi.
Qizig‘i, yangi “Miss Italia” nafaqat go‘zallik tanlovi, balki sportdagi yutuqlari bilan ham e’tibor qozongan. Sara Rizea — Italiya terma jamoasining badiiy suzish bo‘yicha sportchisi hamda Fiamme Oro klubi vakili.
Uning sportdagi eng muhim natijalaridan biri 2024 yilda Belgradda o‘tkazilgan Yevropa chempionatida qo‘lga kiritilgan kumush medal hisoblanadi. Rizea Filippo Pelati bilan texnik aralash duet bahsida ikkinchi o‘rinni egallagan. Shuningdek, o‘sha yili Limada o‘tkazilgan o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida bronza medaliga sazovor bo‘lgan.
Sportchining Jahon kubogi musobaqalarida ham medallari bor. 2024 yilda u Budapeshtdagi Superfinalda bronza medalni qo‘lga kiritgan, 2025 yilda esa Somabay bosqichida yana bir bronza medalga ega chiqqan.

Sara Rizea 2007 yil noyabr oyida Monkaleri shahrida tug‘ilgan. Keyinchalik oilasi bilan Savona provinsiyasidagi Vado-Ligure shahriga ko‘chib o‘tgan. U badiiy suzish bilan sakkiz yoshidan shug‘ullana boshlagan va 2021 yilda ilk bor Italiya terma jamoasiga chaqirilgan.
“Miss Italia” tojini qo‘lga kiritganidan keyin ham Sara sportni tark etmoqchi emas. Tanlovdan so‘ng u kelajakda Olimpiya o‘yinlarida qatnashishni orzu qilishini aytdi.
Shu tariqa Sara Mariya Rizea 18 yoshida bir vaqtning o‘zida sportdagi yutuqlari va “Miss Italia” tojini qo‘lga kiritgan yosh italiyaliklardan biriga aylandi.






























Izohlar 0
…