To‘ydan besh oy o‘tib o‘lgan kelin ishida yangi tafsilotlar ochiqlandi

Hindistonda 33 yoshli model va aktrisa Tvisha Sharmaning o'limi bo'yicha eri Samart Singh va qaynonasi Giribala Singhga o'z joniga qasd qilishga undash hamda shafqatsiz munosabat bilan bog'liq ayblovlar qo'yildi. Tvisha 12 may kuni to'yidan besh oy o'tib, Bxopal shahridagi erining uyida vafot etgan, CBI esa sudga 600 sahifalik ayblov xulosasini taqdim etgan.
Hindistonda 33 yoshli model va aktrisa Tvisha Sharmaning o‘limi bo‘yicha uning eri va qaynonasiga rasmiy ayblovlar qo‘yildi. Tvisha to‘yidan atigi besh oy o‘tib, 12 may kuni Bxopal shahridagi erining uyida vafot etgan edi.
Uning o‘limi mamlakatda katta shov-shuvga sabab bo‘lib, voqea qotillik yoki o‘z joniga qasd qilish bo‘lgani haqida turli qarashlar bildirildi.
Markaziy tergov byurosi — CBI sudga taqdim etgan 600 sahifalik ayblov xulosida Tvishaning eri Samart Singh va qaynonasi, nafaqadagi sudya Giribala Singhga «o‘z joniga qasd qilishga undash» va «shafqatsiz munosabat» bilan bog‘liq ayblovlar qo‘yilganini ma’lum qildi. Ular esa ayblovlarni rad etmoqda.
Tvishaning ota-onasi va yaqinlari uni eri va qaynonasi sep talablari tufayli tazyiqqa uchratgani va o‘ldirilganini da’vo qilgan. Giribala esa bu iddaolarni asossiz deb atab, Tvishada ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolar bo‘lganini va u o‘z joniga qasd qilganini aytgan.
CBI ma’lumotlariga ko‘ra, nikohdan keyin Samart Tvishaga bir necha marta ruhiy bosim o‘tkazgan va haqoratomuz so‘zlar ishlatgan. Tergovda Giribala ham o‘g‘lini keliniga nisbatan ruhiy tazyiq o‘tkazishga undagani qayd etilgan.

Tvishaning oilasi esa asosiy kelishmovchilik aprel oyida, u homilador bo‘lganidan keyin boshlanganini aytgan. Ularning da’vosiga ko‘ra, eri va qaynonasi homila boshqa erkakdan ekanini aytgan hamda uni homiladorlikni to‘xtatishga majburlagan. Giribala buni rad etib, abortni Tvishaning o‘zi xohlaganini bildirgan.
Tvisha 2012 yilda Puna shahridagi go‘zallik tanlovida g‘olib chiqib, «Miss Pune» unvonini olgan. U reklama loyihalarida, telugu tilidagi filmda ishtirok etgan, keyinchalik xususiy kompaniyalarda marketing mutaxassisi bo‘lib ishlagan.
CBI ma’lumotlariga ko‘ra, Tvisha Samart bilan 2025 yil fevral oyida tanishuv ilovasi orqali tanishgan va ular dekabr oyida turmush qurgan.
Tvishaning o‘limidan keyin Giribalaning jurnalistlarga bergan intervyusi ham katta bahslarga sabab bo‘ldi. U kelinining ruhiy holati haqida gapirib, uni «liberal» deb atagan. Bu bayonotlardan so‘ng Tvishaning otasi uni qizining obro‘siga putur yetkazishga urinishda ayblagan.
Ayni paytda tergov davom etmoqda. CBI yangi dalillar paydo bo‘lsa, ishga boshqa shaxslar ham jalb qilinishi va qo‘shimcha ayblovlar qo‘yilishi mumkinligini bildirgan.






























Izohlar 0
…