Texasdagi barcha qamoqxonalarga konditsioner o‘rnatiladi

AQSHning Texas shtatida federal sudya jazirama issiq sharoitida saqlanayotgan mahbuslar uchun barcha qamoqxonalarga konditsioner o‘rnatishni buyurdi. Qarorga ko‘ra, ishlar 2029 yil 31 dekabrgacha yakunlanishi kerak. Bu haqda The Texas Tribune ma’lum qildi.
AQSH okrug sudyasi Robert Pitman 22 sentyabr kuni e’lon qilgan 150 sahifalik qarorda konditsionersiz qamoqxonalardagi sharoitlar Konstitutsiyaning Sakkizinchi tuzatishiga zid ekanini qayd etgan. U Texas Jinoiy ishlar bo‘yicha departamentiga (TDCJ) barcha muassasalarga konditsioner o‘rnatish bo‘yicha rejani zudlik bilan ishlab chiqishni topshirgan.
1 sentyabr holatiga ko‘ra, TDCJ tasarrufidagi 104 ta muassasaning uchdan biridan sal ko‘prog‘i to‘liq konditsionerlangan. 53 676 ta sovutiladigan o‘rin mavjud bo‘lib, qariyb 90 ming mahbus konditsionersiz sharoitda qolgan.
Sudya qarorda 2023–2025 yillarda kamida to‘qqiz nafar mahbusning haddan tashqari issiq sabab vafot etganini ko‘rsatuvchi ishonchli dalillar borligini qayd etgan. Pitman bu raqam kam baholangan bo‘lishi mumkinligini ham bildirgan.
TDCJ esa qarorga rozi emasligini va apellyatsiya berishini ma’lum qildi. Departament hozirda sovutiladigan xonalar, suv, sovuq dush, ventilyator va maxsus sovituvchi sochiqlardan foydalanilayotganini bildirdi. Shuningdek, sovutiladigan o‘rinlar sonini 2026 yil oxirigacha 60 mingtaga, 2028 yilga kelib esa 90 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan.






























Izohlar 0
…