Bibisora Assaubayevaning onasi nega Javohir Sindorovga muxlislik qilyapti?

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Bibisora Assaubayevaning onasi Liana Tanjarikova Jahon shaxmat olimpiadasida Qozog‘iston ayollar terma jamoasiga, erkaklar bahslarida esa O‘zbekiston terma jamoasiga muxlislik qilmoqda.
- U ayniqsa, Javohir Sindorovning yoshligi, ulkan maqsadlari va iste’dodini alohida ta’kidlab, unga chin dildan muxlislik qilishini bildirgan.
Samarqandda qizg‘in davom etayotgan Jahon shaxmat olimpiadasida nafaqat shaxmatchilar, balki ularning yaqinlari va muxlislari ham o‘z qo‘llab-quvvatlovi bilan e’tibor markazida bo‘lmoqda. Qozog‘istonlik taniqli shaxmatchi Bibisora Assaubayevaning onasi Liana Tanjarikova ham musobaqa davomida qaysi terma jamoalarga ishqibozlik qilayotganini ma’lum qildi.
Tanjarikovaning aytishicha, u ayollar o‘rtasidagi bahslarda o‘z vatani Qozog‘iston terma jamoasiga, erkaklar musobaqasida esa O‘zbekiston milliy jamoasiga muxlislik qilmoqda.
“Olimpiadada kimga muxlislik qilyapman? Mendan bu haqda tez-tez so‘rashadi va javobim oddiy: ikkala mamlakatga ham”, — deb yozdi Liana Tanjarikova o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.
U ayollar jamoalari o‘rtasidagi bahslarda, tabiiyki, Qozog‘iston terma jamoasiga alohida ishonch bildirayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, Bibisora Assaubayeva boshchiligidagi qozog‘istonlik shaxmatchi qizlar musobaqada bor imkoniyatlarini ishga solib, mezbonlik qilayotgan mehmondo‘st yurtda oltin medalni qo‘lga kiritish uchun kurashishi kerak.
“Ayollar jamoalaridan, albatta, Qozog‘istonga! Qizlarimiz Bibisora Assaubayeva bilan birgalikda bor kuchini ishga solib, bu mehmondo‘st zaminda oltin medalni qo‘lga kiritishi kerak”, — dedi u.
Erkaklar o‘rtasida esa Tanjarikova O‘zbekiston terma jamoasini qo‘llab-quvvatlamoqda. U O‘zbekiston vakillarining yoshligi, katta maqsadlarga ega ekani va yuqori darajadagi iste’dodini alohida qayd etgan.

“Erkaklar orasida esa O‘zbekistonga! Yigitlar juda yosh, ulkan maqsadlarga ega va nihoyatda iste’dodli. Ayniqsa, Javohir Sindorovga chin dildan muxlislik qilyapman”, — deya ta’kidladi Bibisora Assaubayevaning onasi.
Tanjarikova O‘zbekiston terma jamoasiga bo‘lgan iliq munosabatining sababini ham tushuntirdi. Uning aytishicha, o‘zi Qozog‘istonning janubiy hududida tug‘ilgan va o‘zbek mahallasida ulg‘aygan. Shu bois u uchun Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi bu sport raqobati ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stlik va umumiy bayram sifatida qabul qilinadi.
“O‘zim Qozog‘iston janubida tug‘ilib, o‘zbek mahallasida katta bo‘lganman. Shuning uchun bu men uchun raqobat emas, balki ikki qardosh xalqning bayramidir”, — deya yozgan Tanjarikova.
Ma’lumot uchun, Qozog‘iston ayollar terma jamoasi Jahon shaxmat olimpiadasi startidanoq yuqori natijalarni qayd etmoqda. Ular Iordaniya, Kolumbiya, Gretsiya, Ispaniya va Ozarbayjon kabi jamoalarni mag‘lub etib, ketma-ket 6 ta g‘alabani qo‘lga kiritgan.
O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi ham musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. O‘zbekistonlik shaxmatchilar 6-turdan so‘ng 12 ochko jamg‘arib, turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda.






























Izohlar 0
…