Vengriya bosh vaziriga mitingda tuxum otildi: hujumchi uni nishonga olganini tan oldi

Vengriya Bosh vaziri Peter Mad’yarning Solnok shahridagi mitingi kutilmagan voqea bilan to‘xtab qoldi. U nutq so‘zlayotgan paytda tomoshabinlar orasidan sahnaga tuxum otildi. Hodisadan so‘ng qo‘riqchilar darhol bosh vazirni o‘rab oldi, politsiya esa tuxum otgan erkakni qo‘lga oldi.
Mahalliy OAV xabarlariga ko‘ra, tuxum otilgan zahoti Mad’yar ortida qo‘riqchilar paydo bo‘lgan. Xavfsizlik choralarini ko‘rish uchun uning nutqi qisqa muddatga to‘xtatilgan.
Politsiya voqeadan keyin hujum qilgan erkakni ushlagan. U esa tuxum bosh vazirga tegmaganidan afsusda ekanini va uni nishonga olganini aytgan.
Hodisadan so‘ng Vengriya bosh vaziri o‘z tarafdorlariga murojaat qilib, tuxum otgan erkakka nisbatan g‘azablanmaslikni so‘ragan. Mad’yar bunday xatti-harakatlarni sodir etayotgan insonlar o‘zlari ishongan siyosiy jamoaning parchalanishi va ilgari berilgan va’dalarning bajarilmagani bilan yuzma-yuz kelayotganini ta’kidlagan.
Shuningdek, u miting davomida siyosiy muxoliflarini tanqid qilib, parlamentdagi ayrim siyosatchilar haqida keskin fikrlar bildirgan.
E’tiborlisi, bu Vengriya bosh vaziri bilan bog‘liq ilk shov-shuvli voqea emas. Avvalroq Seksard shahridagi vino festivalida ovqat olish uchun navbatda turgan Mad’yarning yuziga bir erkak sharob sepib yuborgan edi.































Izohlar 0
…