Yevropa kosmik parvozlar sonini oshirmoqchi, biroq AQShdan ortda qolmoqda

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Yevropa Ittifoqi 2034-yilga borib orbital parvozlarga bo'lgan ehtiyojini olti baravarga oshirib, yiliga qariyb 62 ta kosmik parvozni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
- Bu parvozlarning ko'payishi Galileo, Copernicus va xavfsiz aloqa tizimlari uchun sun'iy yo'ldoshlarni joylashtirish va ularga xizmat ko'rsatishni ta'minlashga qaratilgan.
Yevropa Ittifoqi orbital parvozlar sonini keskin oshirish va kosmik infratuzilmani kengaytirish rejalarini eʼlon qildi. Financial Times nashri xabar berishicha, Yevropa bu borada AQSh va Xitoydan sezilarli darajada ortda qolmoqda hamda kelgusida oʻz pozitsiyalarini yaxshilash choralarini koʻrmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yevropaning mudofaa va koinot boʻyicha eurokomissari Andrius Kubilius maʼlum qilishicha, 2034-yilga borib Yevropaning orbital parvozlarga boʻlgan ehtiyoji taxminan olti baravarga oshishi kutilmoqda. Yevrokomissiya prognozlariga koʻra, shu vaqtga kelib mintaqada yiliga 62 taga yaqin kosmik parvozni amalga oshirish talab etiladi.
Mazkur raketa uchirishlari Galileo navigatsiya tizimi, Copernicus yer yuzini kuzatish dasturi, shuningdek, xavfsiz aloqa va hukumat ehtiyojlari uchun moʻljallangan sunʼiy yoʻldosh guruhlarini joylashtirish hamda ularga xizmat koʻrsatish uchun zarur boʻladi. Hozirgi vaqtda Yevropaning asosiy ogʻir tashuvchi raketasi Fransuz Gvianasidagi Kuru kosmodromidan uchiriluvchi Ariane 6 hisoblanadi.
Infratuzilmani kengaytirish rejalari
Ariane 6 raketasining parvozlar chastotasini yiliga 10 tadan 14 taga oshirish rejalashtirilgan boʻlsa-da, mutaxassislarning fikricha, kelgusidagi ehtiyojlarni qoplash uchun bu yetarli boʻlmaydi. Shu sababli Yevropa tarqoq kosmodromlar tarmogʻini yaratish imkoniyatlarini koʻrib chiqmoqda.Andrius Kubiliusning taʼkidlashicha, kelgusidagi parvozlar uchun Norvegidagi Andøya kosmodromi va Shotslandiyadagi start maydonchalaridan foydalanish koʻzda tutilgan. Shuningdek, Portugaliya Azor orollaridan turib raketa uchirish imkoniyatlarini oʻrganayotgan boʻlsa, Kanada ham potensial hamkor sifatida koʻrib chiqilmoqda.
Qayd etilishicha, ushbu maydonchalarning ayrimlari Yevropa Ittifoqiga kirmaydigan hududlarda joylashgan. Xususan, Norvegiya va Buyuk Britaniya Yevropa Ittifoqi aʼzosi boʻlmasa-da, Yevropa kosmik agentligining toʻlaqonli aʼzolari hisoblanadi, Kanada esa hamkor davlat maqomiga ega.
Global raqobat va kelajak istiqbollari
Parvozlar geografiyasining kengayishi Yevropaga ortib borayotgan sunʼiy yoʻldoshlar sonini boshqarish va bir nechta kosmodromlarga qaramlikni kamaytirishga yordam berishi kerak. Biroq belgilangan koʻrsatkichlarga erishish uchun Yevropa nafaqat start infratuzilmasini kengaytirishi, balki raketa ishlab chiqarish hajmini ham sezilarli darajada oshirishi talab etiladi.Shuni alohida taʼkidlash joizki, hatto Yevropa Ittifoqi oʻz rejalarini toʻliq amalga oshirib, yiliga 62 ta parvozni yoʻlga qoʻygan taqdirda ham, global miqyosdagi raqobatda AQSh va Xitoydan ortda qolaveradi. Taqqoslash uchun, AQShda 2035-yilga borib yiliga 10 000 ta kosmik missiyani amalga oshirish rejalashtirilgan.






























Izohlar 0
…