Zumerlar nega avvalgi avlodlarga qaraganda kamroq farzandli bo‘lmoqda?

Zumerlar nega avvalgi avlodlarga qaraganda kamroq farzandli bo‘lmoqda?

AQSHda o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, bugungi yosh avlod vakillari avvalgi avlodlarga nisbatan 26 yoshgacha kamroq farzandli bo‘lmoqda. Masalan, 26 yoshli zumer ayollarning atigi 26 foizi kamida bitta farzandga ega. Xuddi shu yoshdagi milleniallarda bu ko‘rsatkich 47 foiz, X avlodida 50 foiz, bumerlarda esa 46 foizni tashkil etgan.

Tahlil Atlanta Federal rezerv banki tadqiqotchilari tomonidan AQSHdagi National Survey of Family Growth so‘rovi ma’lumotlari asosida o‘tkazilgan. Natijalar yangi avlod ayollari avvalgi avlodlarga qaraganda farzandli bo‘lish ehtimoli kamroq ekanini ko‘rsatgan.

Olimlar bu holatni bir nechta omil bilan izohlamoqda. Jumladan, moliyaviy qiyinchiliklar, iqtisodiy beqarorlik va kelajakka nisbatan xavotirlar yoshlarni oila qurish hamda farzandli bo‘lishni kechiktirishga undashi mumkin. Shuningdek, zumerlar orasida farzand ko‘rish istagi ham avvalgi avlodlarga nisbatan pasaygani qayd etilgan.

Tadqiqotda reproduktiv salomatlik bilan bog‘liq qiyinchiliklar ham e’tiborga olingan. Unga ko‘ra, 26 yoshli zumer ayollarning 18 foizida farzand ko‘rish qobiliyati bilan bog‘liq muammolar kuzatilgan. Bumerlar avlodida esa xuddi shu yoshda bu ko‘rsatkich 10 foiz bo‘lgan.

Mualliflar tug‘ilish ko‘rsatkichining pasayishini faqat yoshlarning farzandli bo‘lishni istamasligi bilan izohlab bo‘lmasligini ta’kidlaydi. Bunda iqtisodiy sharoit, shaxsiy tanlov va tibbiy omillar ham muhim o‘rin tutadi.

Tadqiqot AQSHdagi holatni aks ettiradi. Shu sababli uning natijalarini boshqa mamlakatlar yoshlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri tatbiq etib bo‘lmaydi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar