Ko‘zi deyarli ko‘rmaydigan erkak mast holda 241 km mashina haydadi

Ko‘zi deyarli ko‘rmaydigan erkak mast holda 241 km mashina haydadi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Angliyaning Xaddersfild shahrida yashovchi 50 yoshli Entoni Xoll mast holda, haydovchilik guvohnomasi va sug‘urtasiz, ko‘zi deyarli ko‘rmaydigan holatda 241 kilometr masofani bosib o‘tgan.
  • U sherigining avtomobilini uning roziligisiz olib, to‘rt shisha vino ichganidan so‘ng muammolaridan uzoqlashish maqsadida Shotlandiyaga yo‘l olgan.
  • Xoll yuk mashinasining orqa chiroqlariga qarab harakatlangan, biroq yo‘lda bir necha marta yo‘lakdan chiqib ketgan.

Angliyaning Xaddersfild shahrida yashovchi 50 yoshli ko‘zi deyarli ko‘rmaydigan erkak mast holda avtomobil boshqarib, avtomagistral bo‘ylab 150 milga, ya’ni qariyb 241 kilometr masofaga yo‘l bosdi. Eng hayratlanarlisi, u nafaqat mast bo‘lgan, balki haydovchilik guvohnomasi ham bo‘lmagan.

Bu voqeadan keyin erkak tirik qolganining o‘zi katta omad ekani aytilmoqda. Hodisa 29 iyun kuni ertalab sodir bo‘lgan.

O‘sha kuni Angliya politsiya xodimlari Karlayl yaqinidagi M6 avtomagistralida navbatchilik qilayotgan paytda Opel Meriva avtomobilining bir yo‘lakdan boshqasiga beqaror ravishda o‘tib, yo‘lda g‘alati harakatlanayotganiga e’tibor qaratgan.

Politsiya avval xavfli va ehtiyotsiz haydovchini ushlagan, deb o‘ylagan. Biroq avtomobil to‘xtatilganidan keyin vaziyat kutilganidan ancha jiddiy ekani ma’lum bo‘ldi. Haydovchi yaqqol mast holatda edi. Qolaversa, uning haydovchilik guvohnomasi ham, sug‘urtasi ham bo‘lmagan va u deyarli butunlay ko‘rmaydigan inson bo‘lib chiqdi.

To‘rt shisha vino ichib, Shotlandiyaga yo‘l olgan

Yaqinda bo‘lib o‘tgan sud majlisida Entoni Xoll mast holda avtomobil boshqarganini, haydovchilik guvohnomasi va sug‘urtasiz mashina haydaganini hamda sherigiga tegishli avtomobilni uning roziligisiz olganini tan oldi.

Uning advokati sudda Xoll og‘ir shaxsiy vaziyatdan chiqib ketishga urinib, shunday qaror qabul qilganini aytdi. Himoya tomoni erkakning munosabatlaridagi muammolar va moliyaviy qiyinchiliklar uning ruhiy bosim ostida qolishiga sabab bo‘lganini ta’kidladi.

Biroq bu holat ko‘zi deyarli ko‘rmaydigan inson nima sababdan mast holda avtomagistralga chiqib, rulga o‘tirganini izohlash uchun yetarli bo‘lmadi.

Xollning o‘zi sherigi bilan birga to‘rt shisha vino ichganidan so‘ng muammolaridan uzoqlashish maqsadida Shotlandiyaga borishga qaror qilganini aytdi.

U hech qachon haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan. Shunga qaramay, Xoll hayotining katta qismini avtomobil bilan bog‘liq ishlar atrofida o‘tkazgani va shu sababli mashina boshqarishni bilaman, deb hisoblagan.

Eng hayratlanarli jihati shundaki, u ikki yil avval deyarli to‘liq ko‘rish qobiliyatini yo‘qotgan bo‘lsa-da, bu holat uni avtomobil rulliga o‘tirish qaroridan qaytarmagan.

Yoqilg‘i quyish uchun ham to‘xtagan

Politsiya hisobotida qayd etilishicha, Xoll M6 avtomagistrali bo‘ylab harakatlanayotgan vaqtida hatto yoqilg‘i quyish shoxobchasiga kirib, mashinasiga yoqilg‘i quygan.

U yerda unga shoxobcha xodimlari yordam bergan. Biroq xodimlar uning mast holatda ekani yoki ko‘rish qobiliyati deyarli yo‘qligini politsiyaga ma’lum qilmagan.

Mashinani katta yuk mashinasining chiroqlari ortidan haydagan

Ko‘zi deyarli ko‘rmaydigan, mast holdagi inson qanday qilib kechasi avtomagistral bo‘ylab 150 mil, ya’ni 241 kilometr masofani bosib o‘tgani tabiiy ravishda savol tug‘diradi.

Xoll buni o‘ziga xos tarzda izohlagan. Uning aytishicha, u hali ham chiroqlarni xira ko‘ra olardi. Shuning uchun yo‘lda katta yuk mashinasining ortidan harakatlanib, uning orqa chiroqlariga qarab borgan.

Biroq bu usul ham xavfsiz harakatlanish uchun yetarli bo‘lmagan. Politsiya xodimlari uning avtomobili yo‘lda bir necha marta bir yo‘lakdan ikkinchisiga o‘tib ketganini va hatto yo‘lning favqulodda to‘xtash qismiga chiqib ketganini kuzatgan.

Bunday holatda jiddiy yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lmaganining o‘zi katta omad bo‘ldi. Biroq Xollning qilmishi jazosiz qolmadi.

Sud uni 36 hafta muddatga ozodlikdan mahrum qilishga hukm qildi. Biroq jazo 18 oy muddatga shartli ravishda to‘xtatib turildi.

Bundan tashqari, Xollga 90 kun davomida alkogol iste’mol qilmaslik va reabilitatsiya dasturida ishtirok etish majburiyati yuklatildi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar