Bugatti rahbarining 3 million yevrolik avtomobili o‘g‘irlandi (video)

Bugatti rahbarining 3 million yevrolik avtomobili o‘g‘irlandi (video)
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Bugatti kompaniyasi rahbari Mate Rimatsning 3 million yevrolik Bugatti Chiron avtomobili Xorvatiyadagi kampusdan o‘g‘irlab ketildi.
  • Mashina ichida kalit qoldirilgani sababli o‘g‘ri uni osongina haydab ketgan, biroq avtomobil bir sutkaga yetmay Avstriyaning Gras shahri yaqinida politsiya tomonidan topildi.
  • Gumonlanuvchi 30 yoshlardagi xorvatiyalik erkak bo‘lib, u kompaniyaga ish so‘rab kelgan vaqtda ushbu jinoyatni sodir etgan.

Bugatti kompaniyasi rahbari Mate Rimatsning shaxsiy Bugatti Chiron avtomobili Xorvatiyadagi kompaniya kampusidan o‘g‘irlab ketildi. Qizig‘i, u mashina kalitini salonda qoldirgani uchun o‘g‘ri avtomobilni osongina haydab ketgan. Biroq qimmatbaho mashina bir sutkaga yetmasdan Avstriyada politsiya tomonidan topildi. Bu haqda AFP xabar berdi.

Mate Rimatsning aytishicha, u yillar davomida avtomobillarining kalitini salonda qoldirib kelgan. Bunga sabab — hamkasblari va do‘stlari mashinalarni sinovdan o‘tkazish yoki boshqa ishlar uchun tez-tez haydab turishi bo‘lgan. Kalitni olish uchun uni izlab yurishlariga to‘g‘ri kelmasligi maqsadida shunday yo‘l tutgan.

28 oktyabr kuni noma’lum erkak kompaniyaning Zagreb yaqinidagi kampusiga kirib, salonda kalit qoldirilgan Bugatti Chiron'ni olib qochgan. Avvaliga bu holat sezilmagan, chunki Mate Rimatsning tanishlari va hamkasblari ham ushbu avtomobildan foydalanib turgan.

Mashina yo‘qolgani aniqlangach, uning joylashuvi ichki telemetriya tizimi orqali kuzatilgan. Avtomobil Sloveniya tomon harakatlanayotgani ma’lum bo‘lgan. Shundan so‘ng Mate Rimas o‘zining Porsche 911 avtomobilida uni quvib ketgan va politsiya bilan aloqada bo‘lgan.

O‘g‘ri Sloveniya orqali Avstriyaga o‘tib ulgurgan. Biroq Avstriya politsiyasi uni Gras shahri yaqinidagi A9 avtomagistrali bo‘yidagi yoqilg‘i quyish shoxobchasida qo‘lga olgan.

Mate Rimatsning so‘zlariga ko‘ra, gumonlanuvchi 30 yoshlar atrofidagi xorvatiyalik erkak bo‘lib, u kompaniyaga ish so‘rab kelganini, salonda kalitni ko‘rib, mashinani olib ketishga qaror qilganini aytgan.

Kompaniya rahbari erkak ustidan shaxsan shikoyat qilmasligini bildirgan. Biroq avtomobil qiymati yuqori bo‘lgani sababli huquqiy jarayon politsiya va prokuratura tomonidan davom ettirilishi aytilgan. O‘g‘irlangan Bugatti Chiron biroz shikastlangan bo‘lib, ta’mirlanishi kerak.

Voqeadan keyin Mate Rimas endi avtomobillarining kalitini salonda qoldirmasligini ma’lum qilgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar