Dunyoda 170 milliondan ortiq bola semizlikdan aziyat chekmoqda

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti dunyoda bolalar va o‘smirlar o‘rtasida semizlik tobora keng tarqalayotganini ma’lum qildi. 2024 yilda 5–19 yoshdagi 170 milliondan ortiq bolada semizlik qayd etilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkich 1990 yildan beri qariyb to‘rt barobarga oshgan. Semizlik kuzatilganlarning 70 millionga yaqini 5–9 yoshli bolalar hissasiga to‘g‘ri keladi.
JSST ilk bor bolalarda semizlikni davolash bo‘yicha maxsus yo‘riqnoma ishlab chiqdi. Tashkilot muammoni hal etishda jismoniy faollikni ko‘paytirish, ovqatlanish odatlarini yaxshilash va xulq-atvorga oid yondashuvlarni o‘zgartirishni tavsiya qilmoqda.
Shu bilan birga, JSST 9 yoshgacha bo‘lgan bolalarda semizlikni davolash uchun maxsus dori vositalari, jarrohlik amaliyotlari yoki vazn kamaytirishga mo‘ljallangan qurilmalardan foydalanishni tavsiya etmayapti.
Tashkilotning ta’kidlashicha, muammoga faqat davolash nuqtayi nazaridan yondashish yetarli emas. Bolalar uchun sog‘lom ovqatlanish va jismoniy faollik imkoniyatlarini kengaytirish ham muhim.
Avvalroq Butunjahon semizlik federatsiyasi 2040 yilga kelib dunyoda 500 milliondan ortiq bola ortiqcha vazn muammosiga duch kelishi mumkinligini prognoz qilgan edi. Ulardan 227 million nafari semizlik bilan bog‘liq muammolarga ega bo‘lishi mumkin.






























Izohlar 0
…