Olimlar semizlikning miyaga yashirin xavfini aniqladi

Olimlar semizlikning miyaga yashirin xavfini aniqladi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Luiziana shtati universiteti olimlari uzoq davom etgan klinik semizlik o‘rta yoshdagi insonlarda miya qon tomirlarining shikastlanish xavfini ikki baravar oshirishi mumkinligini aniqladi.
  • «Bogalusa Heart Study» loyihasi doirasida o‘tkazilgan tadqiqotda 190 nafar ishtirokchining MRT natijalari tahlil qilinib, klinik semizlik bilan uzoq vaqt yashaganlarda oq modda giperintensivligi belgilari ko‘proq kuzatilgani aniqlandi.

Luiziana shtati universiteti olimlari uzoq yillar davomidagi semizlik o‘rta yoshda miya salomatligining yomonlashishi bilan bog‘liqligini aniqladi. Tadqiqotga ko‘ra, klinik semizlik kuzatilgan odamlarda miyaning mayda qon tomirlari shikastlanishini ko‘rsatuvchi belgilar ikki baravar ko‘p uchraydi. Natijalar Neurology Open Access jurnalida e’lon qilindi.

Tadqiqotda 1972 yilda boshlangan «Bogalusa Heart Study» loyihasining 190 nafar ishtirokchisi qatnashgan. Ularning sog‘lig‘i 1985 yildan buyon kuzatilgan, miya MRT tekshiruvlari esa 2017–2025 yillarda, ishtirokchilarning o‘rtacha yoshi 56,5 yosh bo‘lganida o‘tkazilgan. Qatnashchilarning 133 nafarida, ya’ni 70 foizida hayotining muayyan davrida klinik semizlik kuzatilgan.

Olimlar faqat tana vazni indeksidan emas, balki «The Lancet» komissiyasi mezonlaridan ham foydalanib, metabolik jihatdan sog‘lom semizlikni moddalar almashinuvi buzilishlari bilan kechadigan klinik semizlikdan ajratgan.

Natijalar shuni ko‘rsatdiki, inson klinik semizlik bilan qanchalik uzoq yashagan bo‘lsa, uning miyasida oq modda giperintensivligi deb ataluvchi belgilar shunchalik ko‘p bo‘lgan. MRTda yorqin nuqtalar ko‘rinishida namoyon bo‘ladigan bu belgilar miyaning mayda qon tomirlaridagi shikastlanishlar bilan bog‘liq. 50 yoshdan oshgan, klinik semizlikdan aziyat chekkan odamlarda bunday belgilar hech qachon semizlik kuzatilmagan ishtirokchilarga qaraganda ikki baravar ko‘p aniqlangan.

«O‘nlab yillar davomida klinik semizlikka ko‘proq duchor bo‘lgan odamlarning o‘rta yoshda miya salomatligi yomonroq bo‘lgan», — dedi tadqiqot rahbari Ouen Karmaykl.

Mutaxassislar bu holat yuqori qon bosimi, diabet va yog‘lar almashinuvining buzilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Bundan tashqari, organizmdagi yallig‘lanish jarayonlari va insulinga chidamlilik ham miyaning qon tomirlariga ta’sir ko‘rsatishi ehtimoldan xoli emas.

Biroq tadqiqot kuzatuv xususiyatiga ega bo‘lib, semizlik bevosita miya shikastlanishiga sabab bo‘lishini isbotlamaydi. Ishtirokchilar soni kamligi va MRT tekshiruvi faqat bir marta o‘tkazilgani ham tadqiqotning cheklovlari hisoblanadi.

Olimlar miyadagi bunday belgilar demensiya yoki fikrlash qobiliyati buzilganini anglatmasligini qayd etgan. Shunga qaramay, natijalar uzoq davom etgan klinik semizlik miyaning qon tomirlari salomatligi uchun xavf omili bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar