Ehrom toshlaridan 45 million yillik timsohning yangi turi topildi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Misrdagi ehrom toshlaridan topilgan qoldiqlar o‘rganilib, taxminan 45 million yil avval yashagan Herugavialis cairensis nomli timsohning yangi turi aniqlandi.
- Bu turga tegishli deyarli to‘liq bosh suyagi 1920-yillarda topilgan bo‘lib, uning tumshug‘i uch qismi yo‘qligi Buyuk Sfinksni eslatgani uchun shunday nomlangan.
Olimlar Misrdagi Buyuk Sfinks va Giza ehromlarini qurishda ishlatilgan ohaktosh qatlamidan topilgan qadimiy qoldiqlarni qayta o‘rganib, taxminan 45 million yil avval yashagan timsohning yangi turini aniqladi. Unga Herugavialis cairensis nomi berilgan. Bu haqda “Royal Society Open Science” jurnalida chop etilgan tadqiqotda ma’lum qilindi.
Yangi turga tegishli qazilma qoldiqlar Misr shimolidagi Mokattam qatlamidan topilgan. Taxminan 45 million yil avval bu hudud sayoz dengiz bo‘lgan. Shu bois bu yerda baliqlar, akulalar va dastlabki kitlar kabi qadimgi dengiz hayvonlarining ko‘plab qoldiqlari saqlanib qolgan.
Mokattam ohaktoshi keyinchalik qadimgi misrliklar tomonidan Buyuk Sfinks va Giza ehromlarini qurishda ishlatilgan.
Tadqiqotchilar o‘rgangan asosiy topilmalardan biri deyarli to‘liq timsoh bosh suyagi bo‘lib, u 1920 yillarda topilgan. Qizig‘i, uning tumshug‘i uch qismi yo‘q. Bu jihat burni yo‘qolgan Buyuk Sfinksni eslatgani uchun yangi uruqqa qadimgi Misr xudolaridan biri Xorus nomi bilan bog‘liq Herugavialis nomi berilgan.
Qoldiqlar dastlab, 1927 yilda, hozirgi soxta gavialga o‘xshashligi sababli Tomistoma cairense deb tasniflangan. Biroq yangi tadqiqotda olimlar qazilmani evolyutsion tahlil va kompyuter tomografiyasi yordamida qayta tekshirib, uning Tomistoma urug‘iga mansub emasligini aniqladi.
“Herugavialis cairensis — 66 million yildan 23 million yil avvalgacha bo‘lgan davrda O‘rta Yer dengizida yashagan gaviallarning oltinchi turi. Biz hali bilmaydigan boshqa turlar ham bo‘lishi mumkin”, — degan tadqiqot mualliflaridan biri, paleontolog Pol Berk.

Herugavialis uzun va ingichka tumshuqqa hamda baliq tutishga moslashgan o‘tkir tishlarga ega bo‘lgan. Olimlar uni Mokattam hududidagi baliqlar bilan oziqlangan, deb hisoblaydi. Ko‘zlari hozirgi hind gaviali kabi bosh suyagidan biroz bo‘rtib turgan bo‘lishi mumkin. Bu esa uning yarim suvda yashaydigan yirtqich bo‘lganini ko‘rsatadi.
Hozirgi kunda gaviallarning atigi ikki turi mavjud: Hindiston yarimorolida yashaydigan hind gaviali va Janubi-Sharqiy Osiyoda uchraydigan soxta gavial. Qadimgi gaviallar qoldiqlari esa Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Italiya, Misr va Yaponiya kabi davlatlardan ham topilgan.
Olimlar Buyuk Sfinks va Giza ehromlari tarkibidagi toshlarda boshqa qadimiy jonzotlarning qoldiqlari ham bo‘lishi mumkinligini istisno etmayapti. Mokattam qatlamidan topilgan qazilmalar esa qadimgi Misr hududida millionlab yillar avval mavjud bo‘lgan boy dengiz ekotizimi haqida muhim ma’lumot beradi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, qariyb bir asr avval topilgan qazilmaning zamonaviy usullar yordamida qayta o‘rganilishi muzeylardagi eski kolleksiyalarni yana bir bor tekshirish muhimligini ko‘rsatadi.






























Izohlar 0
…