Antaliyada botoksdan keyin 16 kishining ahvoli yomonlashdi

Antaliyada botoksdan keyin 16 kishining ahvoli yomonlashdi

Turkiyaning Antaliya shahrida so‘nggi uch oy davomida kosmetik maqsadda botoks muolajasini olgan 16 kishi sog‘lig‘i yomonlashgani sababli shifoxonaga yotqizildi.

DHA axborot agentligining 2026 yil 12 oktyabrdagi xabariga ko‘ra, bemorlarda yutish va gapirish qiyinlashishi, nafas olishda muammolar hamda mushaklar kuchsizligi kuzatilgan. Ularning ayrimlari sun’iy nafas oldirish apparatiga ulangan, uch nafari esa jonlantirish bo‘limida davolangan. Yengilroq alomatlar kuzatilgan bemorlarga ambulator yordam ko‘rsatilgan.

Akdeniz universiteti shifoxonasi nevrologiya mutaxassisi, professor Ebru Apadin Dog‘onning aytishicha, bemorlarning barchasida kosmetik muolajalardan keyin zaharlanishga xos alomatlar kuzatilgan. Mutaxassis noma’lum manbadan olingan preparatlar yoki muolajani yetarli malakaga ega bo‘lmagan shaxslar bajarishi xavf tug‘dirishi mumkinligini ta’kidlagan.

Shifoxonaga murojaat qilgan bemorlardan biri botoks muolajasidan bir necha kun o‘tgach, qovog‘i tushib ketgani va yutishda qiynala boshlaganini aytgan. Uning da’vosiga ko‘ra, muolajani shifokor emas, balki klinika kotibasi bajargan.

Hozirda bemorlarga botoks muolajasi qayerda va kimlar tomonidan o‘tkazilgani o‘rganilmoqda. So‘nggi bir haftada nevrologiya bo‘limiga yotqizilgan yetti bemorning holati huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ham xabar qilingan.

Mutaxassislar botoks muolajasini litsenziyaga ega tibbiy muassasada, tegishli malakaga ega shifokorga qildirish va preparatning kelib chiqishi hamda sifatiga e’tibor berish zarurligini eslatgan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar