Xitoyda erkak ikki xonali kvartirani 20 ming so‘mga sotib oldi

Xitoyda yashovchi erkak «Bo‘ydoqlar kuni» (11.11) munosabati bilan tashkil etilgan maxsus onlayn auksionda ikki xonali kvartirani atigi 11 yuan — taxminan 20 ming so‘mga sotib oldi.
68,36 kvadrat metrli kvartira mamlakat shimoli-sharqidagi Xeylunszyan provinsiyasining Xegan shahrida joylashgan. U Alibaba Auction platformasida savdoga qo‘yilgan. Auksionda 1 677 kishi qatnashish uchun ro‘yxatdan o‘tgan, jami 1 001 ta taklif berilgan.
Savdolar 5 noyabr kuni boshlangan. Dastlabki narx 1 yuan etib belgilangan, har bir keyingi taklif esa 0,01 yuanga oshib borgan. Bunda eng yuqori narx 11 yuan bilan cheklangan. Ushbu summani birinchi bo‘lib taklif qilgan xaridor g‘olib deb topilgan. Auksion bor-yo‘g‘i 2 daqiqa 20 soniya davom etgan.
Kvartiraning bozor qiymati taxminan 40 ming yuan deb baholangan. Auksionni tashkil etgan kompaniya vakilining tushuntirishicha, bu «Bo‘ydoqlar kuni» munosabati bilan o‘tkazilgan reklama aksiyasi bo‘lib, kvartiraning haqiqiy qiymati bilan xaridor to‘lagan summa o‘rtasidagi farqni platforma qoplagan. Ya’ni, bu sud orqali sotilayotgan yoki odatiy ko‘chmas mulk auksioni emas.
Sharqiy Xitoydan bo‘lgan xaridor Xegan shahriga ko‘chib o‘tishni rejalashtirmayapti. U kvartiradan qishki sayohatlari davomida dam olish maskani sifatida foydalanmoqchi.
Biroq uy xaridorga faqat 11 yuan evaziga tushmaydi. Mulk huquqini rasmiylashtirish uchun u qo‘shimcha ravishda taxminan 2 ming yuan miqdorida soliq to‘lashi kerak. Shu bois kvartiraning yakuniy xarajati sarlavhada ko‘rsatilgan summadan ancha yuqori bo‘ladi.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…