Har 8 daqiqada signal yuborayotgan sirli yulduz olimlarni hayratga soldi

Koinotdagi 5 ming yorug‘lik yilidan ortiq masofada joylashgan g‘ayrioddiy yulduzlar tizimi astronomlar e’tiborini tortdi. U yerdagi oq mitti yulduz har sakkiz daqiqada bir marta radio signallar chiqarmoqda. Bu kashfiyot olimlarga koinotdagi sirli hodisalarni yaxshiroq tushunish imkonini berishi mumkin.
Tadqiqotchilar GPM J071507−114153 deb nomlangan ushbu tizim ikkita yulduzdan tashkil topganini aniqladi. Ularning biri o‘z hayot siklini yakunlagan oq mitti yulduz bo‘lsa, ikkinchisi Quyoshga o‘xshash oddiy yulduzdir.
Oq mitti yulduz o‘ta zich bo‘lib, ilgari mavjud bo‘lgan yulduzning hayoti tugagach qoladigan yadrosi hisoblanadi. Ushbu yulduz har sakkiz daqiqada o‘z o‘qi atrofida bir marta aylanib, koinotga radio to‘lqinlar impulsini tarqatadi.
Mazkur kashfiyotning eng qiziq jihati shundaki, ilgari bunday radio signallar asosan kichik va nisbatan sovuq qizil mitti yulduzlar ishtirokidagi tizimlarda kuzatilgan. Quyoshga o‘xshash yulduz bilan juftlik hosil qilgan oq mittidan bunday signallar aniqlanishi esa birinchi marta qayd etildi.
Olimlar ushbu hodisani o‘rganish uchun Avstraliyadagi MWA, Janubiy Afrikadagi MeerKAT radio teleskoplari hamda Gavayidagi W. M. Keck rasadxonasidan foydalangan. Tadqiqot davomida 100 soatdan ortiq radio ma’lumotlar tahlil qilingan.
Qizig‘i shundaki, radio signallar yordamida mutaxassislar ikkinchi yulduz yuzasidagi kuchli magnit maydoni va yulduz chaqnashlarini ham kuzatishga muvaffaq bo‘lgan. Bu hodisalar Yerdagi qutb yog‘dularini yuzaga keltiruvchi jarayonlarga o‘xshash xususiyatlarga ega.
Tadqiqot natijalari 12 noyabr kuni Nature Astronomy ilmiy jurnalida e’lon qilindi. Olimlarning fikricha, kelajakda yanada kuchli teleskoplar ishga tushirilishi orqali koinotdagi bunday sirli yulduzlar tizimlari haqida ko‘proq ma’lumot olish mumkin.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…