Quyosh tizimidagi sirli to‘qqizinchi sayyoraga oid yangi dalil topildi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Tayvanlik olimlar 1983-yildagi Infrared Astronomical Satellite va 2006–2007-yillardagi AKARI kosmik apparatlari ma’lumotlarini tahlil qilib, Quyosh tizimida Planet Nine bo‘lishi mumkin bo‘lgan osmon jismini aniqladi.
- Ushbu obyektning harakat xususiyatlari va infraqizil nurlanishi Yer massasidan 7–17 baravar katta bo‘lishi mumkin bo‘lgan, Quyoshdan 500–700 astronomik birlik masofada joylashgan yirik sayyora taxminlariga mos keladi.
Tayvanlik olimlar ilgari o‘tkazilgan kosmik kuzatuvlar ma’lumotlarini qayta tahlil qilib, Quyosh tizimida mavjud bo‘lishi taxmin qilinayotgan to‘qqizinchi sayyora — Planet Nine bo‘lishi mumkin bo‘lgan osmon jismini aniqladi. Agar ushbu obyekt haqiqatan ham sayyora bo‘lib chiqsa, bu Quyosh tizimining eng sirli jumboqlaridan biriga oydinlik kiritishi mumkin. Bu haqda “The Economic Times” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Tayvanning Milliy Sinxua universiteti (National Tsing Hua University) olimi Terri Long Fan boshchiligidagi tadqiqotchilar 1983 yilda Infrared Astronomical Satellite kosmik teleskopi tomonidan olingan ma’lumotlarni 2006–2007 yillarda Yaponiyaning AKARI kosmik apparati to‘plagan kuzatuv natijalari bilan taqqoslagan.
Ikki kuzatuv o‘rtasidagi 23 yillik vaqt farqi olimlarga osmon jismlarining joylashuvi o‘zgarishini solishtirish va ularning harakatini aniqlash imkonini bergan. Tadqiqot davomida millionlab signallar orasidan osmon bo‘ylab 47,46 burchak daqiqasiga siljigan obyekt ajratib olingan. Uning harakat xususiyatlari va infraqizil nurlanishi Quyoshdan juda uzoqda joylashgan yirik sayyora bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminlarga mos kelgan.
Olimlar dastlab sayyora bo‘lishi ehtimol qilingan 22 ta obyektni aniqlagan. Keyin ularning xususiyatlari yanada chuqurroq o‘rganilib, nomzodlar soni avval 13 taga, so‘ngra esa bittagacha kamaytirilgan. Tadqiqotchilarning hisob-kitoblariga ko‘ra, oxirgi obyektning massasi Yer massasidan 7–17 baravar katta bo‘lishi mumkin.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, Quyosh tizimining bunday olis hududlarida joylashgan jismlarni oddiy optik teleskoplar orqali aniqlash juda qiyin. Quyoshdan 500–700 astronomik birlik masofada bo‘lgan obyektlarga Quyosh nuri nihoyatda zaif yetib boradi. Shu sababli ularni ko‘rinadigan yorug‘lik orqali kuzatish murakkab hisoblanadi.
Biroq yirik sayyoralar faqat Quyoshdan keladigan nurni qaytarish bilan cheklanmaydi, balki o‘z ichki issiqligini ham tarqatadi. Bu jarayonda hosil bo‘ladigan infraqizil nurlanishni maxsus qurilmalar yordamida qayd etish mumkin. Tadqiqotchilar aynan shu imkoniyatdan foydalanib, ehtimoliy sayyorani aniqlashga harakat qilgan.
Planet Nine nima uchun olimlarni qiziqtirmoqda?
Quyosh tizimida to‘qqizinchi sayyora bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxmin Neptun orbitasidan tashqarida harakatlanadigan ayrim muzli osmon jismlarining g‘ayrioddiy orbitalarini o‘rganish natijasida paydo bo‘lgan. Ularning harakat yo‘nalishlari va orbitalari ma’lum hududlarda guruhlangandek ko‘rinadi. Bu esa ushbu jismlarga hali aniqlanmagan yirik osmon jismining gravitatsion ta’siri bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Yangi aniqlangan obyektning joylashuvi ham Planet Nine haqidagi mavjud taxminlarga mos keladi. Agar uning sayyora ekani tasdiqlansa, olimlar Quyosh tizimining chekka qismidagi ayrim jismlar nima sababdan odatdagidan farq qiluvchi orbitalar bo‘ylab harakatlanishini tushuntirishga yanada yaqinlashadi.
Tadqiqot natijalari “Publications of the Astronomical Society of Australia” ilmiy jurnalida e’lon qilingan. Shunga qaramay, olimlar hozircha topilgan obyektni Planet Nine yoki Quyosh tizimining yangi sayyorasi sifatida rasman tasdiqlagani yo‘q. Shu bois uning tabiati va haqiqiy xususiyatlarini aniqlash uchun qo‘shimcha kuzatuvlar zarur.
Keyingi bosqichda tadqiqotchilar Chilida joylashgan 4 metrlik Blanco teleskopiga o‘rnatilgan Dark Energy Camera yordamida mazkur obyektni qayta kuzatishni rejalashtirmoqda. Bu orqali uning hozirgi joylashuvi va harakatini aniqlash, shuningdek, kuzatuv natijalari taxmin qilingan orbitaga mos kelish-kelmasligini tekshirish ko‘zda tutilgan.
Demak, hozircha sirli to‘qqizinchi sayyoraning mavjudligi isbotlangan emas. Biroq eski kosmik kuzatuvlar ma’lumotlaridan olingan yangi natijalar olimlarga bu savolga javob topish uchun yana bir imkoniyat taqdim etmoqda.






























Izohlar 0
…