Oddiy husnbuzarni siqqan qiz shifoxonada operatsiyaga tushdi

Rossiyaning Arxangelsk viloyatidagi Kotlas shahrida yashovchi 28 yoshli qiz kichik husnbuzarni siqishi oqibatida jiddiy tibbiy muammoga duch keldi. Oddiy teri muammosi bilan boshlangan holat uning jarrohlik amaliyotini boshdan kechirishiga sabab bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, Alina ismli qiz peshonasida paydo bo‘lgan husnbuzarni mustaqil ravishda siqib tashlagan. Biroq ertasi kuni uning peshonasida shish paydo bo‘lgan. Bir necha kun ichida esa ahvoli og‘irlashib, shish yuzining boshqa qismlariga ham tarqalgan.
Shundan so‘ng u shifokorlarga murojaat qilgan. Tibbiy tekshiruvlar natijasida peshonasida yiring to‘plangani aniqlangan. Mutaxassislar jarrohlik amaliyoti orqali yiringni chiqarib, unga antibiotiklar buyurishgan. Qiz shifoxonaga yotqizilgan.
Bu haqda Rossiyaning Shot Telegram kanaliga tayanib, mahalliy OAV xabar berdi.
Nega husnbuzarni siqish xavfli?
Mutaxassislar husnbuzarni qo‘l bilan siqish teriga zarar yetkazishi va bakteriyalarning chuqurroq qatlamlarga kirishiga sharoit yaratishini ta’kidlaydi. Bu esa yallig‘lanish va infeksiya rivojlanishiga olib kelishi mumkin.
Shu sababli mutaxassislar husnbuzarlarni mustaqil ravishda siqmaslik, yuz terisiga tegishdan oldin qo‘llarni yaxshilab yuvish va yallig‘lanish kuchayganda shifokorga murojaat qilishni tavsiya etadi.
Mutaxassislarning ogohlantirishicha, arzimasdek ko‘ringan teri muammosiga noto‘g‘ri munosabatda bo‘lish ham jiddiy asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…