Rossiyada erkakning bronxidan beshta tilla tishdan iborat protezni olib tashlashdi

Rossiyaning Sterlitamak shahrida shifokorlar uzoq vaqt davomida yo‘tal bilan qiynalib kelgan erkakning bronxidan beshta tilla tishdan iborat protezni olib tashlashdi.
Erkak muntazam yo‘talishiga qaramay, dastlab buni shamollash yoki yosh bilan bog‘liq holat deb o‘ylagan. Biroq vaqt o‘tishi bilan ahvoli yomonlashib, tibbiy yordamga murojaat qilishga majbur bo‘lgan.
Tekshiruvlar davomida uning nafas yo‘liga tish protezi tushib, bronxlardan birida tiqilib qolgani aniqlangan. Ma’lum bo‘lishicha, erkak taxminan ikki yil avval uxlayotgan paytida protezini yutib yuborgan, ammo buni sezmagan.
Shifokorlar jarrohlik amaliyoti yordamida begona jismni nafas yo‘lidan muvaffaqiyatli olib tashlashgan. Hozirda bemorning ahvoli yaxshi ekani, uning hayotiga xavf yo‘qligi ma’lum qilindi.
Mazkur holat uzoq davom etadigan yo‘talni e’tiborsiz qoldirmaslik kerakligini yana bir bor ko‘rsatadi. Bunday alomatlar kuzatilganda, sababini aniqlash uchun shifokorga murojaat qilish muhim.































Izohlar 0
…