21:55 / 30.01.2018
11 629

Novosibirskdagi shahrixonlik yigit: «Avvaliga uylanish uchun Rossiyada ishladim. Endi oilamni boqish uchun Rossiyadaman» (video)

Novosibirskdagi shahrixonlik yigit: «Avvaliga uylanish uchun Rossiyada ishladim. Endi oilamni boqish uchun Rossiyadaman» (video)
«Daryo» internet-nashri «Muhojirlar hayoti» loyihasi doirasida xorijda mehnat qilayotgan o‘zbekistonlik vatandoshlarning fikrlarini e’lon qilib boradi. E’lon qilinayotgan bu fikrlarda mehnat muhojirlari uchun shart-sharoitlar yaratish yo‘lida bugun boshlangan ishlar, o‘zgarishlar uchun taklif o‘laroq jaranglagan izohlar ham yo‘q emas.

E’lon qilinayotgan ikkinchi monolog — Rossiyaning Novosibirsk shahrida mehnat qilayotgan shahrixonlik yigitning fikrlari (uni «Daryo» muharriri Dilshod Sharipov yozib oldi). Uning iltimosiga ko‘ra, ismi-sharifi va uning shaxsini oshkor etishi mumkin bo‘lgan boshqa ma’lumotlar ko‘rsatilmadi, matn juz’iy tahrirlarga uchradi.

Shahrixondanman, yoshim 30 da. Kollejni radiotexnika yo‘nalishi bo‘yicha tugatganman, institutda o‘qishga imkonim bo‘lmadi. Rossiyaga birinchi marta 2007 yili, qarindoshlarim bilan birga kelganman. Boshida til bo‘yicha muammolarim bor edi. Bu yerda ko‘p joylarda, har xil sharoitlarda ishladim. Masalan, Moskvada yo‘l qurilishda ishlaganman — u yerda shart-sharoit shunchaki «nol» edi.

Ikki oydan beri Novosibirskdaman. Xonadonda ishlayman. Ish beruvchining ikkita ekskavatori bor, shunda ishlaymiz. Xonadon egasi ekskavator haydashim uchun meni o‘z hisobidan o‘qitmoqchi. O‘zim esa patent olish harakatidaman. Bu yerda oyiga 400—500 dollar ishlab topyapman. Ish beruvchim o‘z xonadonidan uch xona ajratib bergan. Sharoit Shahrixondagi uyimdan yaxshi — elektr, gaz bor.

Sakkiz yil oldin Moskvadan O‘zbekistonga avtobusda qaytganman. Avtobusda besh sutka yurganmiz. Shu besh kun ichida faqat uch soat o‘rindiqda o‘tirish nasib etgan. Chap yelkam avtobus oynasiga tekkani holda uch soat uxlab qolibman. Shugina uch soat ichida yelkam va qo‘lim muzlab bo‘lgan. «Muzlaguncha bilmaganmisan?», deyishingiz mumkin. Lekin uch kun uxlamagan odam o‘likdek qotib qolar ekan-da. Sovuq tushsa, yelkam o‘sha kunlarni eslatadi. Hozir faqat samolyotda uchyapman, jonimning qadriga yetmoqchiman. Oxirgi safar 1 million 600 ming so‘mga aviachipta oldim.

Xudoga shukur, O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixona va konsulliklariga ishim tushmagan. Lekin olti yil oldin sherigim pasportini yo‘qotib qo‘yganida, u bilan birga Moskvadagi konsullik idorasiga borganman. Sherigimning ishi hal bo‘lgan, ammo u yerdagilarning o‘z vatandoshlariga muomalasidan konsullikka borganimga tavba qilganman va shundan keyin ularning borligini his qilmay qo‘yganman. Ko‘chada gadoy yalinib sadaqa so‘raydi, unga bir past nazar bilan pul uzatasiz — konsullikda biz ham o‘sha lo‘lining ahvoliga tushganmiz, farqimiz — lo‘li bu yalingani uchun pul oladi, biz esa pul ham berganmiz.

Rossiyada o‘zbeklar to‘lib toshib yotibdi, hamma ishda ishlashadi. Mana, kuni kecha — ko‘chaga chiqqandim, tashqarida minus 35 daraja sovuq. Shu sovuqda o‘zbeklar ishlayapti. Achindim. Juda ham achindim. Biz topayotgan pullar yo‘qotgan sog‘lig‘imizga arziydimi, deb achindim. Bu ahvolda ishlasak, 15—20 yildan keyin nima bo‘ladi? O‘zbekiston faqat nogironlar yo azadorlar mamlakati bo‘lib qolmaydimi?

Hozir ko‘pchilik pul topmasa ham Rossiyaga kelyapti. Oddiy misol — 52 kishi yonib ketdi. Bir kuzating-chi, odamlar Qozog‘iston orqali o‘tadigan avtobuslarga chiqmay qo‘ydimikin, Rossiyaga bormay qo‘ydimikin? Sababi, bu yerda sal bo‘lsa-da sharoit — gaz va elektr bor, qorin esa to‘ysa bo‘ldi. O‘zingiz o‘ylang, uyingizda oddiy sharoit yetarli bo‘lsa, chetda yurarmidingiz?! Ota-ona, bola-chaqa, mahalla-ko‘ydan uzoqda yurish kimga ham yoqadi?! Bu yerda topayotgan daromadimning hech bo‘lmasa uchdan ikkisini O‘zbekistonda topolganimda, Rossiyaga kelib ham o‘tirmasdim. Menimcha, bu yerdagi pulimni O‘zbekistonda topish uchun kuniga 25 soat ishlash kerak.

Bu yerga dekabrning boshida kelgan bo‘lsam, shundan beri O‘zbekiston bilan bog‘liq yangiliklarni kuzataman. Kunda bo‘lmasa ham, kunora Rossiyaning u yoki bu joyida o‘zbeklar vafot etgani haqida o‘qiyman. Savol tug‘iladi — o‘zbeklar nima uchun yashayapti? Itdek o‘lish yoki o‘ligi uzoq bir makonda hor bo‘lishi uchunmi? Sizu biz bilmagan yana qancha o‘lganlar bor. Xo‘p, ajali yetgan, deyishingiz mumkin, mayli, roziman, ammo tirik qolganlar-chi? Ular bu yerlarda masxara bo‘lib, ruhan ezilib, qanday ahvolga tushyapti?

Kuzatsangiz, odamlarning hayotdan umidi qolmayapti. Yana bir masala — ruhan ezilgan yoki tug‘ilganiga pushaymon odam qanday qilib farzand tarbiyalaydi? Masalan, men — o‘zim shunchaki yashashimdan ma’no istadim, lekin ma’no topmadim. Uylanish uchun Rossiyaga keldim. Xudoga shukur, pul topib uylandim, farzandli ham bo‘ldim. Endi ularni boqish uchun yana Rossiyaga keldim. Ba’zida o‘ylayman — baribir ular bilan birga yashamas ekanman, nega uylandim? Nima uchun farzandli bo‘ldim? To‘g‘ri, 10—15 yildan keyin, kuchdan qolib, nogiron bo‘lib qolganimda ular menga qaraydi. Lekin qanday — yaxshi qaraydimi yo yomon — bunisini bilmadim. Har holda, farzandlarim menga yaxshi qarashi uchun ularga yaxshi tarbiya berishim kerak. Lekin men o‘zim uzoqda bo‘lsam, qanday qilib tarbiya beraman?

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Novosibirskdagi shahrixonlik yigit: «Avvaliga uylanish uchun Rossiyada ishladim. Endi oilamni boqish uchun Rossiyadaman» (video)