13:21 / 21.11.2018
2 986

Almazbek Atamboyev: “Biz oilaviy hukmronlik qanday tiklanayotganiga guvoh bo‘lyapmiz”

Almazbek Atamboyev: “Biz oilaviy hukmronlik qanday tiklanayotganiga guvoh bo‘lyapmiz”
Qirg‘izistonning sobiq prezidenti, Qirg‘iziston sotsial-demokratik partiyasi (QSDP) raisi Almazbek Atamboyevning yaqinda televizion kanallardan biriga bergan intervyusi bo‘yicha 24.kg nashri eng yorqin jumlalarni saralab taqdim etdi.

Boylik haqida

Almazbek Atamboyev katta boylikka ega ekanini yashirmaydi. Unga asosiy daromadni Turkiyadagi biznesi keltirar edi. Sobiq prezidentning ma’lum qilishicha, 1999 yilda «Forum» sanoat guruhi byudjetga o‘sha paytda «Kumtor» Qirg‘iziston YaIMning 20 foizini berganiga teng soliq to‘lagan.

Sobiq davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, korxonalar prezidentlik yillarida ham unga tegishli bo‘lgan. Ulardan birini Atamboyev o‘tgan yili sotgan.

“2017 yilda men 100 emas, 111 million som ishlab oldim, korxonalarimdan birini sotdim”.
Almazbek Atamboyev

U shuningdek zavodlar, qo‘shma korxonalar, restoranlar va barlari borligi bilan ham maqtandi.

Koy-Toshdagi oilaviy mulki haqida

Koy-Toshdagi uchastkani Almazbek Atamboyevga Bishkekning sobiq meri Albek Ibraimov sotgan. U bu joyda Atamboyevning avlodlari yashaganini ta’kidlagan. QSDP yetakchisi yerning haqiqiy egasi haqida keyinroq, uy qurganda bilib oldi.

“Albek Ibrimov mendan uzr so‘ragan, ma’lum bo‘lishicha, bu yer uchastkasi “Doston”dan sotib olingan. Biroq bu vaqtga kelib men uyni qurib bo‘lgandim”.
Almazbek Atamboyev

Almazbek Atamboyevning so‘zlariga ko‘ra, u bir yilda 2 milliard som ishlagan va bunday uydan bir nechasini qurishga qurbi yetardi. “Meni shokka tushirgani: nima emish, men ham aksariyat boylarimiz kabi xorijda uylar sotib olib, Dubay, Turkiya, Angliyada villalar qurishim kerak ekanu, ota-bobolarim yashagan joyda uy qura olmas ekanman... Chunki bizda barcha rahbarlar, amaldorlar deklaratsiyaga ko‘ra uysiz. Aslida esa bor mol-mulki ularning turmush o‘rtoqlari, aka-ukalari, kuyovlari va boshqalar nomiga rasmiylashtirilgan”, - deydi u.

Saylov fondi haqida

Qirg‘izistonning amaldagi prezidenti Sooranboy Jeenbekovning ma’muriyati Tarmoqda tarqalgan saylovlarga sarflangan 24 million dollar haqidagi hujjatni feyk deb atayotgan bo‘lsa, Atamboyev uning haqiqat ekanini ta’kidlamoqda.

“Bu hujjat haqida biladiganlar shunchaki o‘z hayotidan xavotirda. Nima uchun Qulmatovni pasport uchun hibsga olishdi? Bakiyevlar davridagi “ahmoqlik” (ular Medet Sadirqulovni o‘ldirishdi va bu bilan istagan odam bilan shunday qilishlari mumkinligini ko‘rsatishdi) o‘rniga aybsiz odamlarni – Kuban Qulmatov, Sapar Isakovni panjara ortiga yo‘llashdi va go‘yoki “Ko‘rib qo‘ylaring, istagan odamni shunday qamab qo‘yishimiz mumkin, kerak bo‘lsa, yo‘q qilib yuboramiz”, deyishmoqda.
Almazbek Atamboyev

Sobiq prezidentning so‘zlariga ko‘ra, hujjatda real familiya va ismlar ko‘rsatilgan. Ikromjon Ilmiyanov qo‘lga olingani uchun uni tarqatishgan.

Sooranboy Jeenbekov bilan do‘stlik haqida

Almazbek Atamboyevning ta’kidlashicha, Sooranboy Jeenbekov saylov oldi kampaniya vaqtida odamlarni aldagan. 29 martdagi uchrashuvda u prezidentga Bakiyevning yo‘lidan borayotganini ochiqchasiga aytgan.

“Biz oilaviy hukmronlik qanday tiklanayotganiga guvoh bo‘lyapmiz - aka-ukalar, kuyovlar va h.k. Biz bunaqasini avval ham ko‘rganmiz”.
Almazbek Atamboyev

QSDP yetakchisi Jeenbekovlarni hukumat tepasiga aynan o‘zi olib kelganini yashirmaydi.

“Shunday odamlar borki, o‘nlab yillar kimningdir yelkasi ortiga yashirinib, uning himoyasidan foydalanishadi, biroq kezi kelganda bu yelka unga kerak bo‘lmay qoladi, shunda bajonidil unga pichoq qadaydi”.
Almazbek Atamboyev

OAVga da’vo haqida

Almazbek Atamboyev qonun himoyachilari va OAVlarga nisbatan sudlarga ko‘p millionli da’vo arizalari berib xato qilganini tan oladi. Uning turmush o‘rtog‘i matbuotdagi xabarlardan juda asabiylashgan va osma ukol ostidagina uyquga ketgan.

“Men hissiyotlarga berildim, uyda shunday vaziyat edi. "Zanoza" asoschisi Cho‘lpon Jakupovaga nisbatan, hoynahoy, noto‘g‘ri ish qilgandirman. Hissiyotlarga berilmasligim kerak edi. Ammo men insonman”.
Almazbek Atamboyev


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Dunyo » Almazbek Atamboyev: “Biz oilaviy hukmronlik qanday tiklanayotganiga guvoh bo‘lyapmiz”