16:21 / 06.01.2019
3 906

Moskvada qo‘lga olingan amerikalik haqida nimalar ma’lum?

Moskvada qo‘lga olingan amerikalik haqida nimalar ma’lum?
«Jismoniy shaxsdan diplomatik o‘yinlarda piyoda sifatida foydalanilmasligi kerak. Biz unga qo‘yilgan ayblovlarni ko‘rib chiqishimiz, unga qarshi ish qandaydir asosga egami yoki yo‘qligini aniqlab olishimiz kerak», dedi Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Jeremi Hant amerikalik sobiq harbiy dengizchi Pol Uilan Moskvada qo‘lga olinishiga munosabat bildirar ekan.

«Biz barchamiz u va uning oilasi uchun qattiq tashvishdamiz», degan vazir Pol Uilanda britan fuqaroligi ham borligi ma’lum bo‘lganidan keyin Bi-bi-si uchun bergan intervyusida.

«Biz unga yordam ko‘rsatish uchun mavjud imkoniyatlarimizni ishga solamiz», deya ishonch bildirgan Hant. Uning aytishicha, Moskvaga Uilan bo‘yicha so‘rov yuborilgan, ammo hozircha javob kelmagan. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Mariya Zaxarova «so‘rov ko‘rib chiqilish» jarayonida ekani haqida aytdi.

Nima bo‘lgandi?

2018 yilning 31 dekabr kuni FSB (Rossiya Federal xavfsizlik xizmati) amerikalik Pol Nikolas Uilan 28 dekabr kuni Moskvada «josuslik bilan shug‘ullanayotgan vaqtida» qo‘lga olingani haqida ma’lum qildi. Gumonlanuvchi barcha ayblarni rad etdi.

«Rosbalt» agentligi Uilan Rossiya fuqarosidan davlat siri bo‘lgan maxfiy ma’lumotlar yozilgan fleshkani qabul qilayotgan vaqtida ushlangani haqida xabar berdi. Ammo bu holat haqida rasmiy ma’lumot yo‘q.

FSB saytida Uilanga nisbatan RF JKning 276-moddasi (josuslik) bo‘yicha jinoiy ish ochilgani aytildi. 3 yanvar kuni Uilan joylashtirilgan «Lefortovo» izolyatoriga AQShning Moskvadagi elchisi Jon Hantsman ham keldi.

Pol Uilanning nechta pasporti bor?

Pol Uilan 1970 yilda Ottavada (Kanada) britaniyaliklar oilasida tug‘ilgan. 70-yillar boshida uning oilasi Qo‘shma Shtatlarga ko‘chib o‘tgan. Keyingi yillarda Uilan Michigan shtatidagi Novi shahrida istiqomat qilib kelgan. Unda Kanada pasporti ham bo‘lishi mumkin, ammo uning akasi Devid CBC telekanalida hozir Polda Kanada pasporti borligini tasdiqlay olmasligini aytdi.

Ko‘p o‘tmasdan Kanada hukumati saytida shunday xabar berildi: «Konsullik xodimlariga Kanada fuqarosi Rossiyada qo‘lga olingani ma’lum. Uning shaxsiy hayoti daxlsizligi hisobga olinib, qo‘shimcha ma’lumotlar berilmaydi». Irlandiyadagi RTE telekanali esa Pol Uilanda Irlandiya pasporti ham mavjudligi haqida xabar tarqatdi.

Pol Uilan kim bo‘lib ishlagan?

New York Times xabariga ko‘ra, u Michigan universitetini tamomlagan. Harbiy manbalarda aytilishicha, 1994 yili Pol Uilan AQSh harbiy-dengiz kuchlariga xizmatga kirgan.

2000-yillar boshida u Kelly Services nomli xalqaro kompaniyada IT-maslahatchi sifatida ishga kirgan, ammo shu bilan birga 2004 va 2006 yillarda ikki marta Iroqqa dengiz piyodalari safida borib kelgan.

Uilan o‘z saytida yozishicha (hozir sayt ishlamay qolgan), Rossiyaga ilk bor dengiz piyodalaridagi xizmat vaqtida kelgan. U Moskva va Peterburgda olingan suratlarini «yoqimli lahzalar» sifatida belgilagan.

2008 yili uni yomon xulqi uchun qurolli kuchlar safidan bo‘shatishgan. Uilan bu vaqtga kelib shtab-serjant maqomigacha ko‘tarilgandi. Pentagon xabariga ko‘ra, u o‘g‘rilik uchun haydalgan.

CNN ma’lumotiga ko‘ra, Uilanni boshqalarning ijtimoiy sug‘urta raqamidan foydalanishda hamda soxta cheklar chiqarishda ham ayblashgan. Lekin Uilanning qarindoshlari uning hayotidagi bunday voqea haqida bilmasliklarini aytishgan.

U Kelly Services kompaniyasida ishlashda davom etgan, 2010 yilda global xavfsizlik va tadqiqotlar bo‘yicha katta menejer darajasiga ko‘tarilgan. U kompaniya bosh ofisida xavfsizlik uchun mas’ul bo‘lgan.

2016 yili u ishini o‘zgartirgan va avtomobillar uchun ehtiyot qismlari ishlab chiqaruvchi BorgWarner kompaniyasida xavfsizlik masalalari bo‘yicha direktorga aylangan. Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida faoliyat olib boruvchi bu kompaniyaning Rossiyada korxonasi mavjud emas.

Rossiyaga safar

2006 yilgi ilk tashrifidan keyin Uilan Rossiyaga yana bir necha marta kelgan. U rossiyaliklarning «VKontakte» ijtimoiy tarmog‘ida ham ro‘yxatdan o‘tgan. Uilan u yerda juda kam yozgan, uning profilida asosan rus tilidagi tabriklarni uchratish mumkin.

Rossiya 2014 yilda Qrimni anneksiya qilishidan keyin Uilan o‘z sahifasida rus tilidagi memni joylashtirgan. Unda «keyingisi Alyaska bo‘lishi mumkinligi» ifodalangandi.

Moskvalik 26 yoshli sartarosh Sergey Artemenko New York Times nashriga aytib berishicha, Uilan uni 6 yil muqaddam, armiyada xizmat qilayotganida Instagramdagi do‘stlari safiga qo‘shgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ular hech qachon yuzma-yuz ko‘rishishmagan, ammo vaqti vaqti bilan ijtimoiy tarmoqda hazillashib gaplashib turishgan. Uilan bir safar undan sochini olib qo‘yishni ham so‘ragan.

Akasining aytishicha, Rossiyaga oxirgi tashrifida Pol Uilan do‘sti, rossiyalik qizga uylanayotgan sobiq safdoshining to‘yiga bormoqchi edi.

Uilanning manfaatlarini advokat Vladimir Jerebenkov himoya qiladi. U Argentinadan Rossiya elchixonasi orqali katta miqdordagi narkotiklar olib o‘tishda ayblangan rossiyalik Andrey Kovalchukning ham advokati hisoblanadi.

Josuslik mojarolari

Dekabr oyi o‘rtalarida AQShda 2018 yilning iyulida qo‘lga olingan rossiyalik Mariya Butina ustidan sud bo‘lib o‘tgandi. U AQSh Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tmasdan chet el agenti sifatida faoliyat olib borishda ayblangandi. Sudda u aybini tan oldi va jazo yengillashtirilishi uchun tergov bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘ldi.

Reyter agentligi xabariga ko‘ra, Markaziy razvedka boshqarmasining (SRU) Moskvadagi sobiq rezidenti Deniyel Xoffman Uilanning qo‘lga olinishi Butina ishiga javob bo‘lishi mumkinligini ham taxmin qildi.

New York Times bilan suhbatda Hoffman MRB o‘z xodimini Rossiyaga diplomatik himoyasiz yuborganiga shubha bildirdi. Mart oyida Britaniya va qator G‘arb davlatlari 100dan ortiq rossiyalik diplomatlarni Solsberida ro‘y bergan Sergey Skripal ishiga javoban o‘z hududidan chiqarib yuborgandi.

Britaniya hukumati o‘shanda Rossiya hukumatini sobiq agentini asab tizimini ishdan chiqaruvchi «Novichok» moddasi bilan zaharlashda ayblagandi. Rossiya barcha ayblovlarni rad etgan va G‘arb davlatlari diplomatlarini o‘z hududidan chiqarib yuborgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Moskvada qo‘lga olingan amerikalik haqida nimalar ma’lum?