date
views 4 146

Erondagi aviahalokatga nima sabab bo‘lgani taxmin qilindi (video)

Erondagi aviahalokatga nima sabab bo‘lgani taxmin qilindi (video)
Foto: AFP/Getty Images
Eronda halokatga uchragan Ukraina samolyotining barcha yo‘lovchilari va ekipaji halok bo‘ldi. Bu haqda «Interfaks-Ukraina» agentligiga Ukraina Tashqi ishlar vazirligining Konsullik boshqarmasi boshlig‘i Vasil Kirilich «Ukraina xalqaro aviayo‘nalishlari» dastlabki ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.

Avvalroq, layner bortidagi barcha insonlar halok bo‘lgani haqida Reuters Eron televideniyesiga asoslanib xabar tarqatgandi.

Kirilichning «Ukraina xalqaro aviayo‘nalishlari» ma’lumotlariga tayangan holda ma’lum qilishicha, samolyot Tehrondagi Imom Xomayniy aeroportidan parvozga ko‘tarilgan va aeroportga yaqin hududda qulagan. Uning qo‘shimcha qilishicha, «halok bo‘lgan Ukraina fuqarolari to‘g‘risida yangilangan ma’lumotlar qo‘shimcha ravishda beriladi».

Reuters’ning Eron Tashqi ishlar vazirligi vakiliga tayanib xabar berishicha, samolyotda 160dan ortiq inson bo‘lgan. Eronning Press TV telekanaliga ko‘ra, gap 169 kishi haqida bormoqda.

O‘z navbatida, aeroport rasmiy vakilining ma’lum qilishicha, yo‘lovchi samolyotning qulashiga dvigatelning yonib ketishi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Ukraina elchixonasi Tehronda qulagan Ukraina layneri qurbonlari shaxsini aniqlamoqda. Bu haqda «RIA Novosti»ga diplomatik missiya vakili «qaynoq liniya» orqali xabar berdi.

Hozirgi paytda elchixonada halokat qurbonlari haqida to‘liq ma’lumot yo‘q. «Biz tegishli tuzilmalar bilan aloqada bo‘lib turibmiz va halok bo‘lganlarning ro‘yxatini tuzyapmiz», - dedi agentlik suhbatdoshi. Uning qo‘shimcha qilishicha, diplomatik missiya xodimlari Tehron aeroportida ishlamoqda.

Flightradar servisi ma’lumotlariga ko‘ra, gap PS752 reysi haqida bormoqda. Samolyot Tehrondan Toshkent vaqti bilan 6:42da uchgan va oradan ikki daqiqa o‘tib signal yuborishni to‘xtatgan.

Ushbu reys haqidagi ma’lumotlar «Ukraina xalqaro aviayo‘nalishlari» saytida mavjud. U yerda samolyot Kiyevga soat 5:15da uchib ketgani ma’lum qilingan.

O‘z navbatida, Iordaniyaning Al-hadath nashri ma’lumotiga ko‘ra, samolyot tasodifan Eron raketasi bilan urib tushirilgan bo‘lishi mumkin. Biroq, bu faqat versiyalardan biri ekani aytilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Erondagi aviahalokatga nima sabab bo‘lgani taxmin qilindi (video)