18:26 / 15.07.2020
2 026

Dunyodagi vaziyat: davlatlar karantinni qaytadan kuchaytirmoqda

Dunyodagi vaziyat: davlatlar karantinni qaytadan kuchaytirmoqda
Foto: EPA
Koronavirus infeksiyasining yangi holatlari ortishi sababli ba’zi mamlakatlar qat’iy karantin choralarini joriy etishga qaror qildi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ko‘p mamlakatlarda vaziyat yomonlashayotgani haqida avvalroq xabar qilgandi.

- AQSHning Kaliforniya shtatida barcha restoranlar, barlar, dam olish maskanlari, hayvonot bog‘lari va muzeylar yopildi.
- Hindistonning Bangalor shahrida hukumat haftalik karantin joriy etdi.
- Eron poytaxti Tehronda ham karantin yetti kun davom etadi. Universitetlar, maktablar, seminariyalar, kutubxonalar, go‘zallik salonlari, masjidlar, kinoteatrlar, teatr va muzeylar yopiq. Barcha madaniy-ko‘ngilochar va diniy tadbirlar vaqtincha bekor qilindi.
- Hongkongda aholidan ijtimoiy masofani saqlash talab etilyapti. Ochilganidan bir oy o‘tgan «Disneylend» qayta yopildi.
- Marokashning Tanjer shahrida karantin joriy etildi.
- Janubiy Afrika Respublikasida komendantlik soati qayta amalda.
- Kolumbiya poytaxti Bogotaning ba’zi hududlarida ikki haftalik karantin joriy etildi.
- Avstraliyaning taxminan 5 million aholiga ega Melburn shahri olti hafta davomida karantinda bo‘ladi. Shahar joylashgan Viktoriya shtati qo‘shni bo‘lgan Yangi Janubiy Uels va Janubiy Avstraliya bilan chegaralarni yopgan.
- Isroil va G‘arbiy Sohilda cheklovlar kiritilgan.
- O‘zbekistonda karantin 10 iyuldan boshlab kuchga kirdi. U 1 avgustgacha davom etadi.

Do‘konga faqat niqobda
Britaniya sog‘liqni saqlash vaziri Mett Henkok Angliyada 24 iyuldan boshlab barcha do‘konlarga niqob taqqan holda borish talab qilinishini e’lon qildi. Rasmiylar shuningdek barcha jamoat joylarida niqob kiyishni tavsiya qilmoqda. 15 iyundan Angliyada jamoat transportidan, shu jumladan taksilardan faqat niqobda foydalanish mumkin.

24 iyuldan Britaniyadagi do‘konlarga niqobsiz kelganlar 100 funtgacha jarimaga tortiladi / AFP
Do‘kon xodimlari ushbu qoidaga rioya qilmagan mijozlarga xizmat ko‘rsatishni rad etish huquqiga ega. Faqat tibbiy sabablarga ko‘ra niqob kiya olmaydiganlar istisno qilinadi. Qoidabuzarlar uchun 100 funt (125 dollar) jarima belgilangan.

Olimlar avvalroq agar hech qanday choralar ko‘rilmasa, koronavirus epidemiyasining ikkinchi to‘lqini yana 120 ming britaniyalik hayotiga zomin bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirishgandi.

Britaniyada Covid-19’dan 45 mingga yaqin kishi vafot etdi. Bu Yevropadagi eng yuqori ko‘rsatkich. Iyulning birinchi yarmida 1 100 kishi koronavirus tufayli hayotdan ko‘z yumgan.

Avgust oyida Londonning mashhur muzeylari qayta ochiladi - Tabiatshunoslik muzeyi (5 avgust), Viktoriya va Albert muzeyi (6 avgust) va shuningdek Ilm-fan muzeyi (19 avgust). Ularning barchasi Janubiy Kensington hududida bir-biriga yaqin joylashgan. Muzeylar tashrif buyuruvchilar uchun mart oyidan boshlab yopilgan.

Bir hafta avval koronavirus bilan kasallangani haqida xabar bergan Braziliya prezidenti Jair Bolsonaru Covid-19’ga yangi test topshirmoqchi. Prezident bir necha bor pandemiya xavfini ahamiyatsiz deb hisoblagan. Yaqindagina esa u o‘zini juda yaxshi his qilayotganini aytdi.

«Agar hammasi joyida bo‘lsa, men yana ishga qaytaman. Aks holda, albatta, yana bir necha kun kutaman», dedi u. Tasdiqlangan holatlar soni bo‘yicha Braziliya dunyoda ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Hafta oxirigacha pandemiya boshlangandan beri kasallanish holatlarining jami soni 2 milliondan oshishi kutilmoqda.

Boliviyada yana bir siyosatchi koronavirus bilan kasallangan. Bu safar tashqi ishlar vaziri Karen Longarikning Covid-19 tahlillari musbat natija berdi. Avvalroq sog‘liqni saqlash, adliya, tabiiy resurslar va iqtisodiyot vazirlari, shuningdek, muvaqqat prezident Janin Anes, qurolli kuchlar qo‘mondoni va markaziy bank rahbari koronavirus bilan kasallangani ma’lum bo‘lgandi. Umuman olganda, mamlakatda 50 mingdan ortiq holat qayd etilgan.

Pandemiya tufayli fransuz rasmiylari har yili 14 iyulda bo‘lib o‘tadigan Bastiliya ozod etilgan kunni nishonlashni qisqartirishga majbur bo‘ldi. Harbiy samolyotlar parvozi bo‘lib o‘tdi, parad esa og‘ir texnikalarsiz o‘tkazildi.

Milliy bayramni nishonlash vaqti qisqartirildi / REUTERS
Prezident Emmanuel Makron paradga Covid-19’dan vafot etgan shifokorlarning oilalarini, shuningdek, fransiyalik bemorlarni davolagan to‘rt mamlakat - Avstriya, Germaniya, Luksemburg va Shveysariya sog‘liqni saqlash vazirlarini taklif qildi. Tunda Eyfel minorasida mushaklar otildi.

Serbiya va Chernogoriya xavfsiz ro‘yxatdan o‘chirildi
YEI o‘z fuqarolari cheklovlarsiz tashrif buyurishi mumkin bo‘lgan xavfsiz davlatlar ro‘yxatidan Serbiya va Chernogoriyani chiqarib tashlamoqchi, deya xabar beradi Reuters o‘z manbalariga tayanib. Ushbu taklif Germaniyadan chiqqan va uni Fransiya, Ispaniya va Niderlandiya kabi bir qator davlatlar qo‘llab-quvvatlagan.

Ushbu ro‘yxat tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lib, yakuniy qarorni mamlakatlarning o‘zi chiqaradi. Agentlik xabariga ko‘ra, Serbiya va Chernogoriyada virus tarqalishi avj olishi shunday qarorga sabab bo‘lgan.

Jazoir va Marokash xavfsiz davlatlar ro‘yxatida qoldi, chunki aksariyat davlatlar qayd etilgan yangi holatlar soni ushbu davlatlarni tashrif uchun xavfli deb hisoblash uchun yetarli emas, degan qarorga kelgan.

Luksemburg va Kipr BAAni ro‘yxatga kiritishni taklif qilgan, ammo boshqa davlatlar bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlamadi. Shuningdek, Kiprning Isroil, Liviya va Iordaniyani ro‘yxatga olish to‘g‘risidagi taklifi ham qo‘llab-quvvatlanmagan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Dunyodagi vaziyat: davlatlar karantinni qaytadan kuchaytirmoqda