14:04 / 02.10.2020
1 567

Tramp va rafiqasida koronavirus aniqlandi

Tramp va rafiqasida koronavirus aniqlandi
Foto: Reuters
AQSH prezidenti Donald Tramp koronavirusni aniqlash bo‘yicha topshirgan testi natijasi musbat bo‘lgani haqida xabar berdi. Uning rafiqasi Melaniyada ham Covid-19dan zararlanish holati qayd etilgan. Avvalroq Trampga so‘nggi safarlarida hamrohlik qilgan maslahatchilaridan birida koronavirus aniqlangandi.

«Bugun birinchi xonim va men COVID-19’ga topshirgan test musbat natija ko‘rsatdi. Biz darhol karantinga olinamiz va davolanishni boshlaymiz. Biz bundan birgalikda o‘tamiz!», deb yozdi Tramp tvitterida.

Bungacha bir necha soat oldin AQSH prezidenti «karantin» jarayonini boshlashga tayyorligini xabar qilgandi - uning yaqin maslahatchilaridan biri, unga Klivlend va Minnesotadagi saylovoldi safarlarida hamrohlik qilgan Houp Hiksda koronavirusdan zararlanish holati tasdiqlangandi.

Tramp bu xabarni «qo‘rqinchli» deb atagan va uning oilasi test natijalarini kutayotganini ma’lum qilgandi.
Trampning davolovchi shifokori Shon Konli u prezidentlik vazifalarini bajarishga layoqatli ekanini aytib o‘tgan.

«Men prezident Tramp va birinchi xonim Melaniya Trampning SARS-CoV-2 virusiga testi natijasi musbat chiqqani haqida xabar oldim. Prezident va birinchi ledi ayni vaqtda o‘zlarini juda yaxshi his qilishmoqda, ular sog‘ayguncha Oq uyda qolishni rejalashtirishgan», deyiladi Oq uy tomonidan tarqatilgan shifokor maktubida.

«Shubha qilmasangiz ham bo‘ladi, prezident sog‘ayish jarayonida o‘z majburiyatlarini bajarishda davom etadi», deya qo‘shimcha qilgan shifokor.

Trump Organization’da Trampga yordamchilik qilgan, keyin Oq uyda kommunikatsiyalar bo‘yicha prezident maslahatchisiga aylangan Houp Hiks shu haftada Ohayo shtatining Klivlend shahrida o‘tkazilgan ilk debatlarda prezidentga hamrohlik qilgan, keyingi kuni esa u bilan birga Minnesotaga uchgandi.

Samolyot bortida ulardan tashqari katta maslahatchi - prezidentning kuyovi Jared Kushner, Oq uyda ijtimoiy media masalalari bo‘yicha maslahatchi Den Skavino va prezident ma’muriyatining boshqa xodimlari ham bo‘lishgan.

Amerika nashrlarining qayd etishicha, Jo Bayden bilan debat vaqtida AQSH prezidenti jamoasi a’zolari himoya niqoblari taqishmagandi.

Hozircha AQSH prezidenti karantinni qay tartibda o‘tkazishi ma’lum emas. Amerika yuqumli kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish bo‘yicha markaz ko‘rsatmasiga ko‘ra, koronavirusga testi natijasi musbat chiqqanlar 14 kun davomida yashash joyini tark etmasligi va u so‘nggi vaqtlarda aloqada bo‘lgan barcha shaxslar haqida ma’lumotlarni taqdim etishi kerak bo‘ladi.

Koronavirus yuqtirish holatlari Oq uyda bir necha bor qayd etilgan. May oyida koronavirus AQSH vitse-prezidenti Maykl Pensning o‘sha paytdagi matbuot kotibi Keti Millerda aniqlandi, iyul oyi oxirida esa AQSH prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Robert O'Brayenda qayd etildi. Ikkala amaldor ham sog‘ayib, ishga qaytishdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp va rafiqasida koronavirus aniqlandi