08:50 / 13.01.2021
2 303

Tramp impichment va Kapitoliyga bo‘lgan hujum haqida so‘zladi

Tramp impichment va Kapitoliyga bo‘lgan hujum haqida so‘zladi
Foto: Reuters
Donald Tramp unga qarshi boshlangan impichment jarayonini «eng katta jodugar ovining davomi» deb atadi va prezidentlik saylovlari yakunlari bilan bog‘liq holda bundan keyin ham zo‘ravonlik qilishni istamasligini aytdi. Bu haqda CNN xabar berdi.

«Impichment dahshatli g‘azabga sabab bo‘ladi. Ammo men hech qanday zo‘ravonlikni xohlamayman», – dedi Tramp jurnalistlar oldida so‘zlagan nutqida.

Bloomberg Trampning ayni shu so‘zlarini keltirib, u shu tariqa Kapitoliy binosiga bostirib kirish uchun har qanday javobgarlikni rad etganini ta’kidlamoqda.

Tramp Kapitoliyga qilingan hujum uchun javobgarlikni his qiladimi yoki yo‘qmi, degan savolga ham javob berib o‘tdi. Trampning aytishicha, uning 2021 yil 6 yanvardagi saylov natijalariga qarshi chiqqan respublikachi kongressmenlarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan so‘zlari «mutlaqo o‘rinli».

Eslatib o‘tamiz, AQSHda 3 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan prezident saylovlari natijalarini saylovchilar hay’ati 15 dekabr kuni qo‘llab-quvvatlab, demokratlardan nomzod Jo Baydenni g‘olib deb e’lon qildi. Kongress yakunlarni 6 yanvar kuni tasdiqlashi kerak edi. Bunga saylovda mag‘lub bo‘lgan prezident Donald Trampning tarafdorlari xalaqit berdi: ular Kongress binosi yonida yig‘ilib, ichkariga bostirib kirdi. Politsiya ularni faqat kuch bilan quvib chiqara oldi.

Kongressmenlarning bir qismi Kapitoliydan evakuatsiya qilindi. Vashingtonda komendantlik soati e’lon qilinib, tartibni saqlash uchun AQSH poytaxtiga Milliy gvardiya kuchlari kiritildi. To‘qnashuvlarda besh kishi halok bo‘ldi.

Keyinroq, 7 yanvar kuni AQSH Kongressi majlisini davom ettirib, Jo Baydenning AQSHning 46-prezidenti etib saylanganini tasdiqladi va uning inauguratsiyasini 20 yanvarga belgiladi. Tramp ovoz berish yakunlaridan hamon norozi bo‘lsa-da, vakolatlarni saylangan prezidentga topshirishga tayyorligini e’lon qildi.

Bir qator demokrat siyosatchilar Trampni o‘z tarafdorlarini zo‘ravonlikka gijgijlashda aybladi. Amaldagi AQSH prezidenti eng yirik ijtimoiy tarmoqlarda vaqtinchalik yoki doimiy ravishda bloklandi, uning ma’muriyatidagi o‘nga yaqin xodim iste’fo berdi.

Vakillar palatasi spikeri, Demokratlar partiyasi a’zosi Nensi Pelosi vitse-prezidentdan Trampni hokimiyatdan chetlatishni talab qildi. Aks holda Pelosi Trampga nisbatan impichment jarayonini boshlash bilan tahdid qildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tramp impichment va Kapitoliyga bo‘lgan hujum haqida so‘zladi