16:23 / 07.03.2021
806

Armanistonda Pashinyanga qarshi namoyishlardan keyin politsiya prezident qarorgohini qat’iy qo‘riqlov ostiga oldi

Armanistonda Pashinyanga qarshi namoyishlardan keyin politsiya prezident qarorgohini qat’iy qo‘riqlov ostiga oldi
Foto: «RIA Novosti»
Yerevanda politsiya Armaniston prezidenti Armen Sarkisyanning qarorgohini qat’iy qo‘riqlov ostiga oldi, deb xabar beradi «RBK». Politsiyachilar davlat rahbari qarorgohini o‘rab turgan to‘siq bo‘ylab saf tortdi.

6 mart, shanba kuni Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanga qarshi bo‘lganlar yana norozilik aksiyasini uyushtirdi: ular Yerevan markaziga chiqib, bosh vazirning iste’fosini talab qildi. Namoyishchilar prezident qarorgohi yaqinidagi Bagramyan shohko‘chasida joylashgan Armaniston parlamenti binosi yonida to‘plandi va shahar bo‘ylab yurish qildi.

Shuningdek, faxriylar, iste’fodagi harbiy xizmatchilar hamda Armaniston Qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i Onik Gasparyan qo‘li ostida ishlagan sobiq xodimlar uni qo‘llab-quvvatlagan holda Respublika Mudofaa vazirligi binosi yonida aksiya o‘tkazdi. Mingga yaqin odam to‘planib, armiya va Gasparyanni olqishladi hamda Nikol Pashinyan hukumatiga qarshi chiqdi.

23 fevral kuni Armaniston bosh vaziri 1in.am kanaliga bergan intervyusida 2020 yilning kuzida Tog‘li Qorabog‘dagi mojaro paytida Yerevan qo‘llagan «Iskander» raketalari «portlamagan yoki 10 foiz qismigina portlagan»ini aytgan. Yerevan Today nashri jurnalistlari Armaniston Qurolli Kuchlari bosh shtabi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Tiran Xachatryandan ushbu bayonotga izoh berishni so‘raganida, u uzoq kulgan va «bo‘lishi mumkin emas» deb javob bergan. Shundan keyin u Nikol Pashinyanning taklifiga binoan ishdan bo‘shatilgan.

Bu voqeadan keyin Armaniston Qurolli Kuchlari bosh shtabi mamlakat bosh vaziri Nikol Pashinyan va hukumatning zudlik bilan iste’foga chiqishini talab qildi. Bayonotga imzo chekkan 40 nafar yuqori martabali harbiy xizmatchining fikricha, Xachatryan «yuzaki o‘ylangan va asossiz sabablarga ko‘ra» ishdan bo‘shatilgan.

Nikol Pashinyan harbiylarning bayonotiga javoban Facebook orqali mazkur bayonotni «harbiy to‘ntarishga urinish» deb hisoblayotganini ma’lum qildi va o‘z tarafdorlarini namoyishga chiqishga chaqirdi. Pashinyan, shuningdek, harbiylar bayonotiga imzo chekkan Bosh shtab boshlig‘i Onik Gasparyanni ham lavozimidan ozod qilganini aytdi.

Ammo Armaniston prezidenti Armen Sarkisyan bosh vazir Nikol Pashinyanning Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i Onik Gasparyanni ishdan bo‘shatish haqidagi taklifini imzolashdan bosh tortdi. Bosh shtab boshlig‘ini ishdan bo‘shatish haqidagi buyruq loyihasini prezident apparati o‘rganib chiqqan hamda huquqshunoslar va ekspertlar bilan batafsil muhokama qilingan. Ular tashabbus «butunlay Konstitutsiyaga zid» degan xulosaga kelgan.

Shundan keyin Nikol Pashinyan prezident Armen Sarkisyanga Bosh shtab boshlig‘ini ishdan bo‘shatish haqidagi arznomani qaytadan yuborganini ma’lum qildi.

2020 yil 10 noyabr kuni Tog‘li Qorabog‘ bo‘yicha bitim imzolangani, unga ko‘ra Armaniston bir qator hududlarni Ozarbayjonga topshirgani haqida xabar berilgan edi. Muxolifat Pashinyandan «xoinlik» shartnomasini imzolagani sababli iste’foga chiqishni talab qildi. Shundan so‘ng bosh vazir iste’foga chiqishga tayyorligini ma’lum qildi. O‘shandan buyon mamlakatda bosh vazirga qarshi namoyishlar davom etib kelmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Dunyo » Armanistonda Pashinyanga qarshi namoyishlardan keyin politsiya prezident qarorgohini qat’iy qo‘riqlov ostiga oldi