14:07 / 09.05.2021
2 631

Lukashenko davlat to‘ntarishiga urinish bo‘yicha yangi «hayratlanarli» ma’lumotlar haqida gapirdi


Foto: «RIA Novosti»
Belorus prezidenti Aleksandr Lukashenko uning hayotiga suiqasd qilish va davlat to‘ntarishini tayyorlashga oid ish bo‘yicha yangi ma’lumotlarni e’lon qilishga va’da berdi. Lukashenko avval e’lon qilingan ma’lumotlar voqealarning kichik bir qismi ekanini va odamlar tafsilotlar bilan to‘liq tanishsa, «hayratga tushishi»ni ta’kidladi, deb yozmoqda «Kommersant’».

«Siz, chekistlar va jurnalistlar, ushbu operatsiyani amalga oshirib, odamlarga ko‘rsatganingiz — mayda tafsilotlar. Asosiy ma’lumotlar hali oshkor qilinmadi. Lekin biz ularni ma’lum qilamiz va siz bundan hayratga tushasiz», — dedi Lukashenko jurnalistlarga.

U mavzuga unchalik tushunmagan odamlar uchun hibsga olishlar jiddiy tuyulmasligi mumkinligini qo‘shimcha qildi. «Qandaydir faylasuflar, qariyalar — qanday qilib ular nimadir qila olishi mumkin? Aslida ular bunday qilmagan ham bo‘lar edi. Lekin boshqa birov buni rejalashtirgan (biz buni bilamiz) va ijrochi kim ekanini sizga ko‘rsatamiz. Yana bir marta ta’kidlayman: siz bundan faqat hayratga tushasiz», — deb qo‘shimcha qildi prezident.

Shuningdek, Lukashenko Rossiya maxsus xizmatining bu ish fosh etilishidan taajjubga tushganini aytdi. «Rossiyaliklar bunday ishni fosh qilish maxsus xizmatlarning faoliyati davomida bir marta sodir bo‘ladigan kamyob hodisa ekanini ta’kidladi. Hech kim soxtakorlik bilan shug‘ullanmadi: biz aniq faktlarni ko‘rsatamiz. Eng asosiysi buni ularning o‘zlari tan olyapti-ku», — dedi Lukashenko.

17 aprel kuni Lukashenko davlat to‘ntarishiga urinish bo‘yicha bir guruh gumonlanuvchilarning qo‘lga olinganini ma’lum qilgan edi. O‘shanda Rossiya Federal xavfsizlik xizmati Belorusda harbiy to‘ntarish uyushtirib, prezidentni lavozimidan chetlatishga uringan ikki kishini hibsga olganini xabar berdi. Davlat to‘ntarishi Minskda 9 may — G‘alaba paradi o‘tkaziladigan kunga belgilangan. Lukashenko hibsga olinganlarning AQSH maxsus xizmatlariga aloqador ekanini aytdi. Keyinroq ONT telekanali hibsga olinganlarning aybiga iqror bo‘lgani tasvirlangan videoni e’lon qildi. Ularning faqat bir nafari aynan nimani bo‘yniga olishini aniq aytgan, qolgan ikki kishi esa shunchaki «aybini tan olgan».

Shuningdek, respublika davlat xavfsizligi tergov bo‘limi boshlig‘i Konstantin Bychek ONT telekanalida AQSH fuqaroligiga ega belaruslik advokat Yuriy Zenkovich to‘ntarishning asosiy tashkilotchisi deb topilganini aytgan. «Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, Zenkovich, AQSH razvedka xizmatlariga aloqador bo‘lgan. Belarus hududida u tekshiruvlar o‘tkazgan, amaldagi hukumatni zo‘rlik bilan ag‘darishda ishtirok etishga tayyor qurolli kuchlar va huquqni muhofaza qilish organlari harbiy xizmatchilarini pul mukofoti uchun yollashga va pora berishga uringan», — dedi u.

O‘z navbatida, AQSH Davlat departamenti vakili Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoga suiqasd tayyorlashda AQSHning ishtiroki borligi haqidagi xabarlar «mutlaqo yolg‘on» ekanini ta’kidlagan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Lukashenko davlat to‘ntarishiga urinish bo‘yicha yangi «hayratlanarli» ma’lumotlar haqida gapirdi