17:49 / 03.08.2021
2 427

Afg‘oniston hukumati «Tolibon» bilan tinchlik sulhi tuzishga tayyorligini ma’lum qildi


Foto: Reuters
Afg‘oniston hukumati bir qancha shartlar evaziga «Tolibon» vakillari bilan tinchlik muzokaralari o‘tkazishga tayyor. Bu haqda Afg‘oniston Tashqi ishlar vazirligi rahbari Muhammad Hanif Atmar «Izvestiya» nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Afg‘oniston hukumati «Tolibon»ni hokimiyatni taqsimlash bo‘yicha bitimga qo‘shishga hamda u bilan birgalikda ishlashga tayyorligi haqidagi savolga Atmar shunday javob berdi. «Biz ‘Tolibon’ bilan ishlashga, ularni hukumatga olishga tayyormiz, ular bilan sulh tuzishga va hokimiyatni bo‘lishishga tayyormiz. Buning uchun ko‘p shart qo‘ymaymiz».

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, asosiy shart — fuqarolar o‘z mamlakatining kelajagi haqidagi xohish-irodasini erkin ifoda etishiga ruxsat berish va Afg‘onistonning tashqi chegaralarida boshqa davlatlarga xavf tug‘dirmaslik. «Bizning hukumat ‘Tolibon’ni terrorchilikni qo‘llab-quvvatlashni bas qilish sharti bilan o‘zining bir qismi sifatida qabul qilishga tayyor», — dedi vazir.

Diplomat, shuningdek, ilgari «Tolibon» «Al-Qoida» hamda Markaziy Osiyo, Xitoy va Rossiyadagi boshqa qator terrorchilik tashkilotlari bilan yaqindan ishlaganini eslatib o‘tdi.

«‘Tolibon’ hozir ular bilan faol ishlamoqda va kelajakda ham shunday bo‘lmasligiga hech qanday kafolat yo‘q. ‘Tolibon’ boshchiligidagi Afg‘oniston xalqaro terrorchilar uchun boshpana va uning atrofidagi davlatlarga tahdid bo‘lmaydi, deb o‘ylash katta xato. Shunday bo‘lishi aniq», — deya qo‘shimcha qildi u.

Bundan tashqari, Atmar xorijiy davlatlarning «Tolibon» bilan muloqot o‘rnatishga bo‘lgan urinishlarini olqishladi, faqat agar bu harakatlar jangarilarni ziddiyatni tinchlik va siyosiy yo‘l bilan hal qilish zarurligiga ishontirishga qaratilgan bo‘lsa. Lekin Atmar «‘Tolibon’ni zo‘ravonlik va xorijiy terrorchilar bilan hamkorlikni davom ettirishga undash maqsadida»gi muloqotlarni qoralaydi.
Avvalroq «Tolibon» Afg‘oniston hududining yarmida o‘z nazoratini o‘rnatgani xabar qilingandi.

Iyul oyida AQSH o‘z qo‘shinlarining katta qismini Afg‘onistondan olib ketdi. Shundan keyin mamlakatda «Tolibon» jangarilarining hujumlari boshlandi. Ayni paytda «Tolibon» Afg‘oniston chegaralarining, taxminan, 90 foizini nazorat qilmoqda va yirik shaharlarga hujum uyushtirmoqda.

«Tolibon» Ashraf G‘ani hukumati iste’foga chiqsagina, o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lishini ma’lum qildi. Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligi mamlakatdagi 34 ta viloyatning 31 tasida komendantlik soati e’lon qildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Afg‘oniston hukumati «Tolibon» bilan tinchlik sulhi tuzishga tayyorligini ma’lum qildi