“Pasxa sulhi” buzildimi? Tomonlar bir-birini ayblamoqda

Ukraina va Rossiya o‘rtasida e’lon qilingan “Pasxa sulhi” rasman kuchga kirgan bo‘lsa-da, u boshlangan zahoti buzilgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Mazkur sulh 12 aprel kuni oxirigacha amal qilishi rejalashtirilgan edi.
Dastlab, bu vaqtinchalik kelishuv urush hududlarida vaziyatni yumshatish, tinch aholiga qisqa muddatli nafas rostlash imkonini berish maqsadida joriy etilgani aytilgandi. Biroq oradan ko‘p o‘tmay, tomonlar o‘zaro ayblovlar bilan chiqdi.
Ukraina ommaviy axborot vositalari ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya kuchlari Xarkov shahriga hujum uyushtirgan. Aksincha, Rossiya OAV esa Ukraina tomoni Novoy Kaxovka hududiga zarba berganini da’vo qilmoqda.
Shu tariqa, har ikki tomon sulh shartlariga amal qilinmaganini bildirib, bir-birini ayblamoqda. Bu esa qisqa muddatli tinchlik tashabbusining amalda samarasiz bo‘lib qolayotganini ko‘rsatmoqda.
Tahlilchilarning fikricha, bunday vaziyat ikki tomon o‘rtasidagi ishonchning pastligi va harbiy harakatlar davom etayotgan sharoitda sulhga rioya qilish qanchalik murakkab ekanini yana bir bor namoyon etmoqda.
Hozircha rasmiy darajada vaziyatga aniq baho berilmagan bo‘lsa-da, hududdagi keskinlik saqlanib qolmoqda va “Pasxa sulhi”ning taqdiri ochiq qolmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!