17:38 / 23.08.2021
2 769

«Tolibon» Afg‘oniston sobiq prezidenti Ashraf G‘anini afv etishga va’da berdi

«Tolibon» Afg‘oniston sobiq prezidenti Ashraf G‘anini afv etishga va’da berdi
Foto: Bloomberg
«Tolibon» guruhi Kobul qulashidan avval mamlakatdan qochib ketgan prezident Ashraf G‘ani hamda vitse-prezident Amrulla Solih va davlat rahbarining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Hamdulla Muhibning xavfsizligi ta’minlanishini kafolatlamoqda. Bu haqda harakat yetakchilaridan biri Xalilaur-Rahmon Haqqoniy Pokistonning Geo TV telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Haqqoniy qayd etishicha, mamlakatdan qochib ketgan yuqori mansabli amaldorlar ham, oddiy afg‘onlar ham amnistiyaga umid qilishi mumkin. «Barcha afg‘onlar — bizning qardoshlarimiz, shunday ekan, ular mamlakatga qaytib kelishi mumkin… Bizning dushmanligimizning yagona sababi tizimni o‘zgartirishga bo‘lgan intilishimiz edi. Endi tizim o‘zgardi», — dedi u.

15 avgust kuni «Tolibon» Kobulga kirib, prezident saroyini egallab oldi va mamlakatdagi hokimiyatni o‘z qo‘liga olganini e’lon qildi. Shu kuniyoq Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani mamlakatdan qochib ketdi. Bir necha kundan keyin u oilasi bilan Birlashgan Arab Amirliklarida ekani ma’lum bo‘ldi. 18 avgust kuni G‘ani Afg‘oniston xalqiga murojaat yo‘llab, mamlakatga qaytishga va’da berdi. G‘ani buning uchun maslahatlashuvlar olib borayotganini aytdi, ammo aynan kim bilan ekanini ochiqlamadi.

Prezident qochib ketganidan keyin u o‘zi bilan moddiy boyliklar, shu jumladan, juda katta qiymatda naqd pul olib ketgani haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. G‘anining o‘zi bu ayblovlarni yolg‘on va «mutlaqo asossiz» deb atadi.

Ashraf G‘ani Afg‘onistonga 2014 yildan boshlab prezidentlik qilgan. 1990 yillarda u Jahon bankida ishlagan, shuningdek, BMTning Afg‘onistonga gumanitar yordamni muvofiqlashtirish boshqarmasi rahbari bo‘lgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Tolibon» Afg‘oniston sobiq prezidenti Ashraf G‘anini afv etishga va’da berdi