18:46 / 12.09.2021
2 981

Jahon hamjamiyati «Tolibon» Afg‘onistonda tuzgan hukumat bilan hamkorlik qilishga tayyormi?

Jahon hamjamiyati «Tolibon» Afg‘onistonda tuzgan hukumat bilan hamkorlik qilishga tayyormi?
Foto: EPA/Zabihullo Mujohid
Hali dunyoda hech bir mamlakat «Tolibon» tuzgan hukumatni rasman tan olgani yo‘q, lekin ko‘pchilik davlatlar ular bilan hamkorlikka tayyorligini bildirgan. Ushbu jarayon Afg‘oniston va dunyodagi boshqa davlatlar uchun nimani bildiradi? «RBK» nashri bu haqida tahliliy maqola tayyorlagan.

Kimlar Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda?
Jahon hamjamiyati «Tolibon» harakatining Muhammad Hasan Oxund rahbarligidagi yangi hukumatni shakllantirganini e’lon qilganiga faol munosabat bildirgani yo‘q. Toliblar vakili Zabihullo Mujohid Oxund qo‘l ostidagi Vazirlar mahkamasi muvaqqat hukumat ekanini aytgan, biroq to‘liq boshqaruv tizimiga qachon va qay yo‘sinda o‘tilishiga aniqlik kiritmagan.

Pokiston avvalgi safardagidek Afg‘onistondagi yangi hukumat bilan ishlashga tayyorligi haqida ochiq e’lon qilmoqda. 7 sentabrda Pokiston islom respublikasi tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshiy Xitoy, Tojikiston, O‘zbekiston, Eron, Turkmaniston va Pokiston TIV vakillari qatnashgan mintaqaviy forumga Afg‘onistonning yangi hukumati a’zolarini ham taklif qilish zarurligini ta’kidlagan. Yuqoridagi davlatlar tashqi ishlar vazirlari ishtirokidagi onlayn uchrashuv videokonferensaloqa orqali o‘tkazilgan.

«Ushbu g‘oyani o‘ylab ko‘rish kerak deb hisoblayman», — deya vazir so‘zlarini keltiradi Reuters.

Uning qayd etishicha Afg‘onistonning ishtiroki forum ishining samaradorligini oshiradi. Qurayshiy hamkasblariga mavjud voqelikka eski linzalar bilan qarashni to‘xtatishga chaqirgan. Islomobod Afg‘oniston bilan munosabatlarga real yondashish zarurligi, bu mamlakatdagi 40 million aholi foydasiga xizmat qilishini ta’kidlagan.

Uchrashuvda Xitoy nomidan ishtirok etgan tashqi ishlar vaziri Van I Pekinning Afg‘onistonga umumiy qiymati 31 million AQSH dollariga teng bo‘lgan oziq-ovqat hamda tibbiyot vositalari, xususan, 3 million doza koronavirusga qarshi vaksina yuborilishi ma’lum qilgan. Shuningdek, u toliblarga ekstremistik guruhlar bilan aloqalarni to‘xtatishni tavsiya etgan.

Avval Qatar hamda Turkiya «Tolibon» bilan kelishib olgani va ushbu davlatlarning mutaxassislari Kobul xalqaro aeroportining xavfsiz sharoitda ishlashini ta’minlashi xabar qilingan.

Xalqaro jamoatchilik Afg‘oniston xalqiga ijtimoiy yordam berishda davom etishiga BMTda ham Xalqaro qizil xoch qo‘mitasida ham shubhalar yo‘q. Qo‘mita prezidenti Peter Maurer Afg‘onistonga qilgan to‘rt kunlik safaridan keyin jurnalistlarga mamlakat aholisining taxminan 90 foizi kuniga 2 dollar evaziga hayot kechirayotgani va 10 millionga yaqin odamga oziq-ovqat yetishmayotganini bildirgan. U Afg‘onistondagi safari davomida hukumat rahbarining o‘rinbosari mulla Barodar va toliblarning boshqa yetakchilari bilan uchrashgan. Xalqaro tashkilot rahbarining fikricha, yana bir muammo bu Kobuldan xorij fuqarolarini evakuatsiya qilish jarayonida ota-onalarning chaqaloqlarini chet elliklarga berib yuborgani va bolalarning yetim qolganligida.

Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti diplomatiya kafedrasi rahbari Aleksandr Panovning aytishicha, toliblar hukumati bilan ishlashga tayyorlikni bildirish bu ular tuzgan Vazirlar mahkamasi tarkibini rasman tan olishni anglatmaydi.

«Tolibon» hukumatini rasman tan olish uchun har qanday mamlakat, albatta, Afg‘onistondagi hokimiyat boshqaruvini tan olgani va ushbu davlat bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatishga tayyorligi haqida murojaatnoma yo‘llashi zarur. Bu haqda rasman e’lon qilinishi kerak», – deydi olim.

«Aeroportdagi xavfsizlik, ishning uzluksizligini ta’minlash yoki toliblarga har qanday turdagi boshqa yordamning berilishi, mamlakat hududida elchixonani saqlab qolish yoxud bu borada muzokaralar olib borishni anglatmaydi. Elchixona ishini davom ettirishi mumkin, sababi diplomatik munosabatlar to‘xtatilmagan. Biroq munosabatlar legitimlashuvini ta’minlash uchun yangi hukumatni rasman tan olish lozim», — deya «RBK»ga tushuntirishlar bergan Panov.

Jahon hamjamiyatida qaysi masalalar hal etilishi kerak?
Rossiya, AQSH, Yevropa ittifoqi va boshqa davlatlar toliblarning yangi hukumatining inklyuzivligi, ya’ni davlat boshqaruvida mamlakatdagi turli etnik, diniy va siyosiy guruhlar hamda ayollarning ishtirokini ta’minlashida ko‘mak berishga chaqirgan.

Afg‘onistonga qo‘shni mamlakatlarning va boshqa davlatlarning yangi hukumatga e’tirozining asosiy sababi inklyuzivlikning yo‘qligida. Hukumat etnik va diniy guruhlarga davlat boshqaruvida ishtirok etishgan umid uyg‘otmoqda, degan Yevropa ittifoqi vakili Peter Stano.

«Tolibon» e’lon qilgan yangi hukumat tarkibida 33 nafar vazir bor, ularning hammasi harakat a’zolari va pushtun millatiga mansub kishilari. Germaniya ushbu bir xillikka e’tiroz bildirgan.

«Boshqa guruhlar ishtirokisiz o‘tish hukumati tuzilganining e’lon qilingani, Kobulda namoyishchilarning bostirilgani va jurnalistlarning ta’qibga uchragani Afg‘onistondagi davlat boshqaruvi yuzasidan hech qanday optimizm signallarini bermayapti», — degan Germaniya federativ respublikasi TIV rahbari Xayko Maas.

Shunga qaramay Germaniya hukumati afg‘onistonliklarga ijtimoiy yordam taqdim qilish imkoniyati bor deb hisoblamoqda. Afg‘onistonga qo‘shni Eron vakillari ham garchi o‘z boshqaruv tizimi toliblarniki bilan o‘xshash bo‘lsa ham (oliy yetakchining borligi va yagona ijro hokimiyati) inklyuzivlik ta’minlanmaganligi tufayli yangi hukumatni tanqid qilgan.

Harakat davlat boshqaruvida xalqaro moliyaviy institutlardan yordam olishi uchun toliblarga ham boshqa mamlakatlarning ular tuzgan hukumatni diplomatik jihatdan tan olishi o‘ta zarur, deya vaziyatga e’tibor qaratgan The New York Times. Nashrning qayd etishicha, xalqaro jamoatchilik Afg‘onistondagi yangi hukumatni BMTda tanishtirish so‘rovini hal etishi kerak. AQSH nashri bilan suhbatda bo‘lgan diplomatlar yangi vakillarini Afg‘onistonga yuborish uchun to‘qqizta davlat, jumladan, AQSH bunga rozilik bildirishi kerakligini aytgan. Vashingtonning BMTdagi doimiy vakili Linda Tomas-Grindfild mamlakatning «Tolibon»ni tan olishga tayyor emasligini bildirgan.

«Tolibon» 1996—2001 yillarda Afg‘onistonni boshqargan vaqtda uchta mamlakat — BAA, Saudiya Arabistoni va Qatar ushbu davlat bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan. YEI bunday yo‘l tutishning salbiy tomonlarini o‘rganib chiqqan va toliblar bilan ishlashning turli uslublarini (hamkorlikning yetarli darajada samaraliligini ta’minlashdan to‘liq tan olishlikkacha) ishlab chiqmoqda, deyiladi The Financial Times xabarida.

Gazeta ushbu sa’y-harakatlarda Berlin asosiy rolda bo‘lishi — sababi Germaniya mutaxassislari mamlakatda AQSH harbiylaridan keyingi asosiy kontingent hisoblangan, biroq ular asosan mamlakat shimoli, Mozori Sharifda ishlagan va harbiy harakatlar bilan emas, balki maktablar hamda yo‘llar qurilishi bilan shug‘ullangan. Bryussel toliblar bilan aloqa o‘rnatish zarurligini, bunda ishlarni maxsus elchi maqomidagi diplomat muvofiqlashtirishi, biroq bu vakolat uni to‘liq maqomdagi elchi darajasini bermasligi haqida nashrga ikki nafar manba ma’lum qilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Jahon hamjamiyati «Tolibon» Afg‘onistonda tuzgan hukumat bilan hamkorlik qilishga tayyormi?