06:30 / 25.10.2021
1 734

Kolumbiyada eng ko‘p qidirilgan narkobaron Dayro Usuga ushlandi

Kolumbiyada eng ko‘p qidirilgan narkobaron Dayro Usuga ushlandi
Foto: Twitter
Kolumbiya politsiyasi armiya va aviatsiya yordamida mamlakatdagi «Ko‘rfaz klani» nomli eng yirik narkokartelning rahbari, Otoniel laqabi bilan tanilgan Dayro Antonio Usugani qo‘lga oldi. Uning hibsga olingani haqida Kolumbiya prezidenti Ivan Duke videomurojaat orqali e’lon qildi, deb yozadi BBC News.

«Bu ushbu asrda mamlakatimizdagi narkotik savdosiga berilgan eng jiddiy zarba. Bu zarbani faqat 1990 yillarda (narkobaron) Pablo Eskobarning qulatilishi bilan qiyoslash mumkin», — dedi Kolumbiya prezidenti.

50 yoshli Dayro Usuga Kolumbiya shimoli-g‘arbida, Panama bilan chegara yaqinidagi Antokiya departamentida qo‘lga olingan. Hibsga olish paytida politsiyachilardan biri halok bo‘lgan.

Kolumbiya hukumati «Ko‘rfaz klani»ni mamlakatdagi eng qudratli jinoiy guruh deb ataydi. AQSH rasmiylari uni «yaxshi qurollangan va o‘ta shafqatsiz» deb ta’riflaydi. Guruh giyohvand moddalar va odamlar kontrabandasi, noqonuniy oltin qazib olish hamda tovlamachilik bilan shug‘ullanadi. «Ko‘rfaz klani» giyohvand moddalar yetkazib berish bo‘yicha Kolumbiya, AQSH va Rossiyani o‘z ichiga olgan ko‘plab yo‘nalishlarni nazorat qiladi.

Dayro Usuga Kolumbiyada eng ko‘p qidirilgan narkobaron hisoblanadi. Mahalliy hokimiyat uning qayerdaligi haqidagi ma’lumot uchun 800 ming dollar mukofot va’da qilgandi. Qo‘shma Shtatlar esa 5 million dollar mukofot tayinlagan. Qo‘lga olingan narkobaron AQSHga ekstraditsiya qilinishi mumkin.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Kolumbiyada eng ko‘p qidirilgan narkobaron Dayro Usuga ushlandi