15:17 / 25.02.2022
1 324

«Bu insoniyatga va Rossiya qonunlariga qarshi jinoyat» – rossiyaliklar Ukrainaga bosqinni qoralamoqda

«Bu insoniyatga va Rossiya qonunlariga qarshi jinoyat» – rossiyaliklar Ukrainaga bosqinni qoralamoqda
24 fevral kuni tongda boshlangan Rossiyaning Ukrainaga bosqini davlatlar suverenitetiga doir xalqaro huquq normalari buzilishi bo‘libgina qolmay, millionlab tinchliksevar insonlar uchun dahshatning o‘ziga aylandi.

Dunyoning turli nuqtalarida xalqaro tashkilotlar va davlat rahbarlari Putindan bu urushni to‘xtatishni so‘ramoqda. Shuningdek, minglab mashhur insonlar: siyosatchilar, OAV va media vakillaridan tortib oddiy insonlargacha o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida, ayrim joylarda ko‘chalarga chiqib, urushga qarshi namoyishlar qilmoqda.

Putin boshlagan urushga rus xalqining juda ko‘p vakillari ham qarshi chiqmoqda. Birinchilardan bo‘lib ayni vaqtda qamoqda bo‘lgan siyosatchi Aleksey Navalniy bu urushga qarshiligini aytgan.

Sudlanayotgan siyosatchi Aleksey Navalniy. Foto: Yelizaveta Nesterova / Mediazona
«Men bu urushga qarshiman. Bu urush Rossiyaning muammolaridan e’tiborni chalg‘itish uchun mo‘ljallangan va u faqat qashshoqlikka olib keladi, deb hisoblayman. Men bu urushni boshlaganlarni banditlar va o‘g‘rilar deb bilaman», degan Navalniy.

Kinotanqidchi Anton Dolin esa umri davomida hech qachon Putinga ovoz bermagan va uni qo‘llamagan bo‘lsa-da, u boshlagan urush tufayli uyat va xijolatda ekanini yozgan.

«Bu kecha umrimdagi eng qo‘rqinchli va uyatli hodisa sodir bo‘ldi. Mening davlatim prezidenti Ukrainaga urush e’lon qildi. Umrim davomida Putinga ovoz bermagan va uni qo‘lim bilan ham, so‘zim bilan ham qo‘llamagan bo‘lsam-da, bundan [u boshlagan urush] cheksiz uyat va xijolatdaman. Qadrli ukrainaliklar, garchi hozir sizlarning bunday alohida bayonotlar bilan ishingiz bo‘lmasa-da, mening butun xayollarim sizlar bilan», – degan u.

Rossiyalik mashhur qo‘shiqchi Valeriy Meladze hech qachon bo‘lishi kerak bo‘lmagan voqea sodir bo‘lganini aytdi.
«Tarix qachonlardir hammaga hukm o‘qiydi va hamma narsani o‘z o‘rniga qo‘yadi. Ammo, bugun men sizlardan harbiy harakatlarni to‘xtatib, muzokaralar stoliga o‘tirishingizni so‘rayman… Insonlar o‘lmasligi kerak», dedi u.

Siyosatshunos Yekaterina Shulman DXR va LXR tan olingunga qadar hammasi o‘tib ketishi yoki boshqacha bo‘lishiga umid qilgani haqida yozgan.
«Lekin hozircha hammasi eng yomon ssenariy asosida davom etyapti. Bo‘layotgan voqealar ko‘lamini hozircha biz tushunmaymiz. Endi bir necha soat o‘tdi. Bu urushning tongi xolos, bu hali juda uzoq hikoya bo‘ladi…», degan siyosatchi.

Jurnalist Aleksandr Gorbachyov Putin tarixga kirishni xohlagani uchun shu ishni qilgani, lekin tarixni u yozolmasligini qayd etgan.
«Tarixni generallar ham, prezidentlar ham yozmaydi. Tarixni biz kabi insonlar yozadi, ular haqiqatni yozadi, deb o‘ylayman. 2022 yil 24 fevral kuni Vladimir Putin butun administratsiyaning roziligi bilan yovuz hujjatni amalda qo‘lladi va Ukrainaga hujum qildi», deydi jurnalist.

Yozuvchi Boris Akunin oxirigacha Putin ushbu absurd bo‘lgan urushni boshlashiga ishonmaganini aytadi.
«Men doim oxir-oqibat aql g‘alaba qozonishiga ishonganman, lekin [bu safar] adashdim – aqlsizlik g‘alaba qozondi. Insonlar o‘lyapti, qonlar oqyapti. Rossiyani aqlan zaif diktator boshqaryapti va eng yomoni u sadoqat bilan o‘z paranoyyalari tomon ketyapti», degan u.

Yekaterinburgning sobiq meri, siyosatchi Yevgeniy Royzman bu bosqinni hukumat tomonidan o‘z xalqiga xiyonat deb baholagan.

Yekaterinburgning sobiq meri Yevgeniy Royzman / Foto: It's My City
«…Bu fojia. Urush boshlandi. Hech kim buni kutmagan va ishonmagan edi. Uchinchi reyxga ham hech kim ishonmagan edi... Bu birinchi navbatda o‘z birodarlarimiz va xalqimizga nisbatan xiyonatdir», degan rossiyalik siyosatchi.

Yana bir siyosatchi Mixail Xodorkovskiyning yozishicha, Ukrainaga qarshi boshlangan urush insoniyatga qarshi hamda Rossiya qonunlariga ko‘ra og‘ir jinoyat hisoblanadi.

«Lekin shuni aniq tushunib olish kerakki, urush rus xalqi uchun emas, Putin va uning atrofidagilar o‘z hokimiyatini saqlab qolishlari uchun boshlangan. Baxtga qarshi, davlat va kuch tuzilmalari ularning nazoratida. Qurolli kuchlardan o‘z shaxsiy manfaatlari uchun foydalanib agressiv urush boshlagani bu Rossiya hokimiyatini Putin boshchiligidagi jinoyatchilar to‘dasi egallab olganini bildiradi».

Shuningdek, Sergey Lazarev, Maksim Galkin kabi ko‘plab rossiyalik mashhur shaxslar ham urushni to‘xtatish bo‘yicha chaqiriqlar bilan chiqqan.

Bundan tashqari, Rossiyaning ko‘plab shaharlarida #Net voyne shiorlari bilan kichik va yakka holda mitinglar bo‘lib o‘tmoqda.

Foto: UNIAN

Foto: UNIAN

Irlandiya poytaxti Dublin shahridagi Rossiya elchixonasi. Foto: UNIAN

24 fevral kuni Nyu-Yorkda ham yuzlab namoyishchilar Putin agressiyasiga qarshi plakatlar ko‘tarib chiqdi. Foto: REUTERS/Jeenah Moon

Sidneydagi namoyishlar. Foto: AP

Hindistonlik rassom rus bosqiniga qarshi rasmlar chizmoqda. Foto: UNIAN

Yevropadagi namoyishlar. Foto: UNIAN

Yevropadagi namoyishlar. Foto: UNIAN
Sport, xususan futbol jamoalari ham urushga qarshi chiqishlar qilmoqda. UNIAN nashri xabariga ko‘ra, Germaniyaning «Shalke-04» futbol klubi kiyimidagi «Gazprom» yozuvidan voz kechgan.

Chexiyaning «Slaviya» futbol klubi esa «Fenerbahche» bilan o‘yinga Ukrainani qo‘llab-quvvatlovchi so‘zlar yozilgan futbolkada tushgan.

«Slaviya» klubi futbolchilari. Foto: UNIAN

«Slaviya» klubi futbolchilari. Foto: UNIAN
Yevropa Ligasidagi o‘yin doirasida «Barselona» va «Napoli» futbolchilari «Urushni to‘xtating» shiori yozilgan banner bilan suratga tushishdi.

Foto: UNIAN
Ispaniyaning «Barselona» basketbol jamoasi ham Yevroliga doirasida «Zenit» jamoasi bilan o‘ynash uchun Rossiyaga borishdan bosh tortdi.

Pragada ham Rossiya agressiyasiga qarshi keng ko‘lamli mitinglar bo‘lib o‘tmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Bu insoniyatga va Rossiya qonunlariga qarshi jinoyat» – rossiyaliklar Ukrainaga bosqinni qoralamoqda