Foto: Getty Images
Yangi uzilgan rayhonni to‘yib hidlash yoki pomidorni tishlab yeyishning zavqini his qilish hammaga birday yoqsa kerak. Lekin bu tez ayniydigan mahsulotlarni to iste’molgacha saqlab turish ham oson emas. E’tiborsizlik bilan aynib qolgan meva va sabzavotlar nafaqat cho‘ntakka zarar, uvol va atrof-muhitga ham zarari bor.
Dunyo bo‘yicha har yili ishlab chiqariladigan mahsulotning uchdan bir qismi chiqindiga tashlanadi. Bir yilda jami 1,3 mlrd tonna oziq-ovqat isrof bo‘ladi. Bu, albatta, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik xarajatlarga olib keladi.
2 xil vaziyat: kimdir yaxshi holatdagi mahsulotni saqlay olmagani uchun chiqindiga tashlashi mumkin, yana kimdir esa to‘yib ovqatlanish imkoniga ega emas. Statistikaga ko‘ra, 815 mln odam to‘yib ovqat yeyish imkoniga ega emas.
Bunday ma’lumotdan keyin sizda hamma mahsulotlar badastir bo‘lsa, uni to‘g‘ri saqlash va isrof qilmaslikka harakat qilish – to‘g‘ri variant.
Plastik idishda mahsulot saqlamaslik haqida
“Muzlatkichdagi qator holatlar oziq-ovqatning yangi saqlanishiga ta’sir qiladi. Harorat, mahsulot qanday qadoqlangani, havo aylanishi, namlik darajasi kabilar shular jumlasidan”, deydi oziq-ovqat bo‘yicha mutaxassis Brian Chau.
Do‘kon rastalarida oralab yurganda ko‘plab mahsulotlar plastik idishlar yoki o‘ramlarda saqlanayotganini ko‘rish mumkin. Lekin bu har doim ham to‘g‘ri emas.
“Masalan, qo‘ziqorinning tarkibi 70-90 foiz suvdan iborat. Uni plastik o‘ramga solganda esa bug‘lanish hodisasi vujudga keladi. Qo‘ziqorin tabiatan suvli mahsulot bo‘lgani uchun uni plastikda saqlash tezroq eskirishiga sabab bo‘ladi. Agar qo‘ziqorinni sotib olmoqchi bo‘lsangiz, uni plastikdan bo‘shatib qog‘oz o‘ramga solib berishlarini so‘rang. Qog‘ozning g‘ovaklari bo‘ladi va qo‘ziqorin unda yaxshiroq saqlanadi”, deydi Brian Chau.
Yoki ko‘katlarning “umrini uzaytirish” uchun ularning poyasini biroz kesib suvga solib saqlash ham mumkin.
Lekin ko‘katlarda eskirish alomatlari paydo bo‘la boshlagach ularni folga qog‘oz to‘shab ustidan qog‘oz sochiqlar yoyib keyin ko‘katlarni unga solishni va qog‘oz sochiqlarga o‘rab folga bilan yopilgan holatda saqlash mumkin. Chunki alyumin folga qog‘ozi namlikni nazorat qilishga yordam beradi. Havo oqimi kamayishi oqibatida ko‘katlar muzdek saqlanadi va yangiligi ta’minlanadi.
Muzlatkichsiz saqlanadigan mahsulotlar haqida
Mahsulotlarni xona haroratida saqlash — yilning qaysi fasli ekani va yashab turgan joyingizning iqlimiga qarab farqlanadi. Agar tropik yoki juda namli hudud bo‘lsa, namlik yuqoriligi hisobiga mahsulot aynishi tezlashadi.
Masalan, piyoz va sarimsoq kabi mahsulotlarni muzlatkichda emas, balki xona haroratida havo yaxshi aylanadigan joyda saqlash ma’qul. Sababi ular sovuqni yoqtirmaydi: sovuq haroratda sarimsoq mog‘orlashi, piyozning kraxmallari esa tezroq shakarga aylanishi mumkin.
Pomidorlarni qayerda saqlash esa ularning pishganlik darajasiga bog‘liq. Odatda, pomidorlar pishmasdan terib olinadi va rastalarga yetib borguncha saqlash vaqtida pishib yetiladi. Do‘kon peshtaxtalariga qo‘yiladigan payt pomidor ayni pishib yetilgan muddatga to‘g‘ri keladi. Ularni sotib olgandan so‘ng muzlatkichning qutichasida saqlagan ma’qul. Sababi muzlatkich qutichasi sabzavotlar tabiiyligini saqlash uchun boshqa qismlarga qaraganda mosroq namlik darajasiga ega bo‘ladi.
Foto: Flickr
Etilen gazi bor mahsulotlar haqida
Ko‘plab meva va sabzavotlar o‘zidan hidsiz va rangsiz etilen gazi ishlab chiqaradi. Bu gazni, odatda, “mevalarning yetilish gormoni” deb ham atashadi. Etilen gazi ko‘p ishlab chiqaruvchi sifatida mashhur mahsulot banan hisoblanadi. Ammo pomidor, avokado va qovun ham etilen ishlab chiqaruvchilardir.
Etilen ishlab chiqaruvchi ba’zi meva va sabzavotlar pishib yetilish uchun etilen ishlab chiqaradi, biroq agar ularga yaqinda sabzi, bodring, brokkoli kabilar saqlansa, mahsulotlar aynishi tezlashib ketadi. Shuning uchun ham sabzavot va mevalarni alohida-alohida joylashtirib saqlagan ma’qulroq.
“Masalan, banan va olmani birgalikda saqlamagan ma’qul, bu ularning eskirishi tezlashishiga olib keladi. Olmani rezavorlar bilan birga saqlashni esa o‘ylab o‘tirish ham kerakmas”, deydi janob Chau.
O‘zbekistonda sevib iste’mol qilinadigan kartoshkani esa qorong‘i va quruq joyda saqlash kerak. Qog‘oz quti yoki savatlar kartoshkani solib qo‘yish uchun eng yaxshi vosita hisoblanadi. Lekin kartoshkani hech qachon muzlatkichda saqlab bo‘lmaydi.
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring