Ortiqcha vazndan xalos bo‘lib, sog‘lom turmush tarziga rioya qilishni istaysiz-u, kun tartibingizni o‘zgartirish yoki sport mashg‘ulotlari bilan jiddiy shug‘ullanishga hafsalangiz yo‘qmi?
Biz sizga tavsiya etmoqchi bo‘lgan odatlarni o‘zingizda shakllantirish juda oson, ulardan olinadigan natija esa sizga tez orada seziladi: tanangiz quvvatga to‘yinadi, teringiz taranglashadi, bu esa ortiqcha vaznga qarshi kurashda sizga yanada ilhom beradi. Ilhom bermagan taqdirda ham, organizm uchun foydali bo‘lishi shubhasiz!
Uyg‘onishingiz bilan bir stakan suv iching
Inson tanasi uyqu vaqtida o‘rtacha hisobda yarim litr miqdorda namlik yo‘qotadi. Agar yotoqxonangiz issiq va quruq bo‘lsa, yo‘qotishlar yanada jiddiyroq bo‘lishi mumkin. Har qanday holatda ham uyg‘onishingiz bilan xona haroratida bo‘lgan bir stakan suvni ichib olish tanadagi barcha tizimlarni tezroq “ishga tushirish”ga yordam beradi. Suv ichaklar faoliyatini rag‘batlantiradi, jigar hamda buyraklarga foyda keltiradi va diyetologlarning aytishlaricha, trombozning ham oldini oladi. Bundan tashqari, oshqozon toza suv bilan to‘la holatda bo‘lsa, ochlik hissi sizni erta tongdan bezovta qilmaydi.
Aytganday, chanqoq va to‘qlik markazlari miyada yonma-yon joylashgani haqida bilarmidingiz? Ko‘p hollarda siz ochlik bilan adashtirayotgan his shunchaki chanqoq bo‘lishi ham mumkin.
Nonushta taomnomasiga 3 ta mahsulotni kiriting
Albatta, bu erta tongdan 3 xil yegulikni paqqos tushirish kerakligini anglatmaydi. Har holda bunday tanovuldan keyin ozish qiyin masalaga aylanadi. Nonushta taomnomasini shunday tuzingki, u vaznni meʼyoriy holatga keltirishga yordam beradigan mahsulotlardan iborat bo‘lsin.
Ozishni maqsad qilgan insonlarning aksariyati kaloriyalar miqdorini kamaytirish umidida nonushtadan voz kechishadi. Parhezshunoslarning ko‘pchiligi esa buning jiddiy xato ekanligini aytadilar. Rossiyaning eng taniqli parhezshunoslaridan biri Aleksey Kovalkovning taʼkidlashicha, nonushta kunlik tanovulning ajralmas qismi bo‘lishi zarur. U moddalar almashinuvi uchun muhim bo‘lgan gormonlarni muvozanatga keltiradi, tanaga quvvat va to‘qlik hissini beradi, kun davomida to‘yib ovqatlanishning oldini oladi. Shuning uchun ham har kuni nonushta vaqtida quyidagi mahsulotlarni isteʼmol qiling:
Mevalar
Organizmni antioksidantlar, vitamin va kletchatka bilan taʼminlaydi.
Butun donli mahsulotlar
Ozish maqsadida bo‘lsangiz ham, uglevodlardan qo‘rqmang – ular tanangizni quvvat va to‘qlik hissi bilan taʼminlaydi. Biroq, qayta ishlangan, foydali jihatlaridan mahrum bo‘lgan mahsulotlarni isteʼmol qilmang. Suli yormasi yoki butun donli non nonushta dasturxoni uchun ayni muddao.
Oqsil
Proteinga boy mahsulotlar qondagi qand miqdorini meʼyoriy holatga keltirishga yordam beradi. Qondagi qand miqdori ko‘tarilmasa, yog‘ hujayralari o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘la boshlaydi. Tadqiqotlar natijasida oqsilga boy parhez vazn ko‘rsatkichini kamaytirishga, qad-qomatni go‘zallashtirishga yordam berishi isbotlangan.
Toza havoda piyoda sayr qiling
Piyoda sayr qilish kaloriyalarni parchalash, mushaklar, bo‘g‘im va suyaklarni mustahkamlashga yordam beradi, ko‘tarinki kayfiyat gormonlarining faol ishlab chiqarilishiga ko‘maklashadi. Bordi-yu sayrga chiqish uchun imkon topa olmasangiz, qulay poyabzal kiyib oling-da ishga ketayotgan vaqtda ozroq masofani piyoda bosib o‘ting. Ayrim parhezshunoslar tongda piyoda yurib bo‘lgandan keyin nonushta qilishni maslahat berishadi.