16:50 / 16.03.2024
565

Nechanchi farzand bo‘lib tug‘ilish inson shaxsiyatiga ta’sir qiladimi?

Nechanchi farzand bo‘lib tug‘ilish inson shaxsiyatiga ta’sir qiladimi?
Odamlar orasida katta farzand boshliq, o‘rtanchasi tinchlikparvar, kenjalar esa mas’uliyatsiz va isyonchiroq bo‘lishi haqida gap yuradi. Xohlaymizmi-yo‘qmi, oilada qaysi farzand bo‘lib tug‘ilganimiz shaxsiyatimizda aks etadi. Bunga oilada nechanchi farzand ekanimizga qarab qilingan munosabat ta’sir ko‘rsatadi.

Oilaviy munosabatlar va shaxsiyat

Avstriyalik psixiatr Alfred Adler 20-asrning boshlarida oiladagi tug‘ilish tartibining shaxsiyatga muhim ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ilgari surgan. Uning tug‘ilish tartibi nazariyasi oiladagi har bir farzandning o‘ziga xos xususiyatlari va psixologik rivojlanishiga e’tibor qaratadi.

Adler nazariyasiga ko‘ra, birinchi farzandlar mas’uliyatni chuqur his qilishga moyil bo‘ladi, o‘rtancha farzandlar esa diqqat va e’tibortalab. Eng kichik farzandlar, aksincha, sarguzashtga va qoidalarni buzishga moyilligi bilan ajralib turadi.

Alfred Adler, shuningdek, "oila konstellyatsiyasi" tushunchasini joriy etgan. Bu nazariya oila a’zolari o‘rtasidagi dinamik munosabatlar har bir a’zoning shaxsiy rivojlanishiga qanday ta’sir qilishini o‘rganadi.

Bosh farzandlar

Birinchi farzandlar odatda quyidagi sifatlar bilan tasvirlanadi:
- Liderlar;
- Yuqori natijalarga erishuvchi;
- Tartib-qoidali;
- Mas’uliyatli;
- Pishiq.

Adlerning tug‘ilish tartibi nazariyasiga ko‘ra, birinchi farzandlarga ota-onalar ko‘proq e’tibor va vaqtini bag‘ishlaydi. O‘z navbatida yangi ota-onalar hali bolalar tarbiyasi haqida o‘rganish jarayonida bo‘lganliklari uchun ular qoidaga qarab ish qiluvchi, qattiqqo‘l, ehtiyotkor va ba’zan hatto asabiy bo‘lishi mumkin. Bu esa bolaga ta’sir ko‘rsatadi.

Bosh farzandlarga ko‘proq mas’uliyatli lider sifati xos.

"To‘ng‘ich farzandlar jinsidan qat’i nazar, hayotlarining ma’lum bosqichida uka-singillari tug‘ilganda diqqat markazidan chetda qolishlari sabab ko‘proq mahrum bo‘lish yoki hasad qilish hissini tuyadi. Bu esa ularni ko‘proq muvaffaqiyatli bo‘lishga moyil qilishi mumkin", deydi san-fransiskolik terapevt Avigail Lev.

Birinchi farzandlarga ko‘rsatilgan barcha e’tibor kichik ukalari yoki singillari paydo bo‘lganda keskin o‘zgaradi. Uka yoki singilli bo‘lganda ota-onaning diqqatini baham ko‘rish kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, ota-ona bosh farzanddan ko‘proq narsa kutadi, ularni keyingi farzandlarga o‘rnak qilib ko‘rsatadi. Ba’zida uka-singillarini parvarishlashga ham yordam berishgani sababli to‘ng‘ichlar mehribon, mas’uliyatli bo‘ladi.

Bunday xususiyatlar shakllanishiga faqat tug‘ilish tartibi emas, balki oiladagi munosabatlar, ota-onaning qanday tarzda bolaga yondashishi va uka-singillar bilan bo‘lgan munosabat ham ta’sir qiladi.

O‘rtancha farzandlar

Adlerning fikriga ko‘ra, o‘rtancha farzandlar ko‘proq oilaning tinchlik o‘rnatuvchilari bo‘ladi. Chunki ular ko‘pincha katta va kichik farzandlar o‘rtasidagi nizolarni hal qiladi. O‘rtanchalar oilada katta aka-opa va ukalari o‘rtasida kamroq e’tibor ko‘rishlari sabab ijtimoiy hayotda ko‘proq e’tibor topishga harakat qiladi.

O‘rtancha farzandlar ko‘p hollarda:
- mustaqil;
- tinchlikparvar;
- odamlarning ko‘nglini oluvchi;
- ochiqtabiatli;
- moslashuvchan;
- e’tiborga o‘ch;
- rashkchi;
- raqobatbardosh bo‘lishadi.

Kenjalar

Kenjalar "oilaning go‘daklari" deb ham ataladi. Ular opa-akalariga qaraganda ko‘proq erkalangan va yaxshiroq parvarishlangan bo‘ladi deb hisoblanadi. Bu vaqtga kelib ota-ona ancha tajribali bo‘lib qolishadi va ularni voyaga yetkazishda ham nisbatan yumshoqroq usullarni qo‘llashadi.

Kenjalar:
- ochiqtabiat;
- xursandchilikni yaxshi ko‘ruvchi;
- erksevar;
- o‘zini birinchi o‘ringa qo‘yuvchi;
- manipulyatsiyaga moyil;
- tavakkaldan qo‘rqmaydigan bo‘lishadi.

Adler nazariyasiga ko‘ra, kenja farzandlar odatda ijtimoiylashgan, tez chiqishib ketuvchi va jozibali bo‘ladi. Lekin ular o‘zlarida o‘rganish va yangilik kashf etish uchun ko‘proq erkinlik bo‘lishiga qaramay o‘zlarini aka-opalari soyasida his qiladi. Bu "Kenja farzand sindromi" deb ataladi.

Ota-onalar kenjalarga nisbatan kamroq tartib-intizom qo‘llashgani uchun ularda o‘zini tartibga olish qobiliyati sustroq bo‘lishi mumkin.

Yolg‘iz farzandlar

Yagona farzandlar oilada yakka bo‘lishadi va o‘z-o‘zidan bor narsalarini hech qachon boshqalar bilan bo‘lishishlariga to‘g‘ri kelmaydi, doim e’tiborda bo‘ladi. Bu ko‘p jihatdan to‘ng‘ich farzand xususiyatlariga o‘xshab ketadi. Lekin yolg‘iz farzandlar hech qachon uka-singil, aka-opa bilan munosabatga kirishmaydi.

Ularga quyidagi xususiyatlar xos:
- voyaga yetgan;
- mehnatkash;
- perfeksionist;
- o‘ylab ish qiluvchi;
- yuqori natijalarga erishuvchi;
- o‘ziga ishonuvchi;
- ta’sirchan.

Albatta, faqatgina oilada nechanchi farzand bo‘lib tug‘ilishning o‘zi odamni shakllantirib qo‘ymaydi. Shaxsiyat rivojlanishida oiladagi muhit, genetika, bolaning temperamenti va ijtimoiy-iqtisodiy holat ham rol o‘ynaydi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Nechanchi farzand bo‘lib tug‘ilish inson shaxsiyatiga ta’sir qiladimi?