16:32 / 29.05.2024
203

Ruhiyat uchun foydali bo‘lgan 5 ta film va seriallar

Ruhiyat uchun foydali bo‘lgan 5 ta film va seriallar
Turli masala va savollar ustida bahs olib boriladigan Reddit ijtimoiy platformasida ruhiy salomatlikni yaxshilaydigan va ezgulikka to‘la filmlar muhokama qilindi. Ular orasidan insonlar qalbida mehr va shafqat hissini uyg‘otadigan, hayotga qarashingizni o‘zgartirib yuboradigan beshta film va seriallarni tanlab oldik.

“Uolter Mittining g‘aroyib hayoti” (2013)

Filmda Uolter Mitti Life jurnali fotolaboratoriyasining kamtarin va uyatchan ishchisi sifatida ko‘rsatiladi. Tahririyatda 16 yil davomida ishlagan Uolter yangi xodim Sherilni yaxshi ko‘radi, lekin uni uchrashuvga taklif qilishga botina olmaydi. O‘ta xayolparast va orzularga berilgani uchun ba’zan atrofidagilar bosh qahramonni ruhan nosog‘lom deb o‘ylaydi.

Ayni paytda jurnal onlayn tarzda ishlashga o‘tayotganda so‘nggi chop etiladigan jurnal muqovasi uchun muhim surat yo‘qolib qoladi. Fotosuratlar uchun javobgar Uolter ishdan bo‘shatish tahdidi ostida yo‘qolgan rasmni qayta olish uchun xavfli sayohatga yo‘l oladi va turli davlatlarni kezadi.

“Ted Lasso” (2020–2023)

Kanzas kolleji futbol murabbiyi Ted Lasso optimist, doim xush kayfiyatli va pozitiv trenerdir. U hatto YouTube yulduzi sifatida shuhrat qozongan. “Richmond” nomli Angliya futbol klubining yangi raisi o‘zining ayyor rejalarini amalga oshirish uchun Teddan foydalanishga qaror qiladi va futbol klubini barbod qilish niyatida unga bosh murabbiylik lavozimini taklif qiladi. Faqat Amerika futboli bilan shug‘ullangan Ted o‘zining yangi vazifasini odatdagi zavq va ijobiy kayfiyat bilan boshlaydi.

Serialda nafaqat sport mavzusi, balki insoniylik hamda birdamlik orqali ko‘plab maqsadlarga erishish mumkinligi haqida so‘z boradi.

“Rokki” (1976)

Rokki Balboa yosh bokschi bo‘lib, xaroba kulbada yashaydi. Uning rahbari Gazzodan katta qarzi bor. Rokki vaqti-vaqti bilan janglarda ishtirok etadi va ulardan tushgan pul ortidan kun kechiradi. Har bir daqiqasi odatiy va zerikarli o‘tayotgan, porloq kelajakdan umid qilishni to‘xtatgan Rokkining hayoti bir kun kelib tubdan o‘zgarib ketadi.

Ushbu filmda sport va jang mavzularidan tashqari maqsad sari intilish, qoqilgan taqdirda ham yengilmaslik kabi muhim saboqlar o‘rin olgan.

“Qalb” (2020)

Ushbu multfilm 93 - “Oskar” mukofoti marosimida 2020 yilning eng yaxshi animatsion filmi deb topilgan. “Qalb” multfilmining bosh qahramoni jazz ijrochisi sifatida o‘zining yorqin karyerasiga ega bo‘lishni yagona maqsad qilgan Jo Gardnerdir. Tasodifan unda ajoyib imkoniyat — eng taniqli saksofonchi bilan bir sahnada musiqa ijro etish imkoni paydo bo‘ladi. Afsuski, aynan o‘sha kuni kutilmagan hodisa ro‘y beradi va u vafot etadi.

Multfilmda narigi dunyo ramziy ma’noda ko‘rsatiladi. Qahramon yashashga bo‘lgan istagi bilan o‘limga qarshi kurashishga, ruhini o‘z tanasiga qaytarishga urinadi.

Rejissyorlar yer yuzi va narigi dunyoni tasvirlashda ramziy ma’noga alohida e’tibor qaratgan. Kuzgi Nyu-York – gavjum shahar, rang-barang ko‘chalar, turli xil mashinalarga to‘la yo‘llar, har bir manzara haqiqatan ham hayotga to‘g‘ri keladi. “Narigi dunyo” esa butunlay boshqacha: hammasi sodda, u yerdagi belgilar ham o‘zgacha, xuddi kompyuter o‘yiniga o‘xshab ishlangan.

Film so‘ngida umr mazmuni va qalb haqidagi savollarga to‘la bosh qahramon hayotdan ma’no o‘tkinchi “kasb”ni egallash emas, balki yashamoqlik ekanligini tushunib yetadi.

“Bu ajib hayot” (1974)

Film 1947 yilda rejissyor Frank Kapra tomonidan suratga olingan va Filipp Van Doren Sternning “Eng buyuk sovg‘a” hikoyasiga asoslangan. Dramaning bosh qahramoni bir qator muammolarga chidolmay, joniga qasd qilishga qaror qiladi. Lekin uning oldiga xaloskor farishta kelib, kelajakda boshqa odamlarga qanchalik ko‘p yordam berganini ko‘rsatadi.

Film zamirida oila va shaxslararo munosabatlarning qadri ochko‘zlik va pul ortida quvish kabi illatlarga qarama-qarshi qo‘yiladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ruhiyat uchun foydali bo‘lgan 5 ta film va seriallar