18:30 / 17.09.2024
14

Nima uchun hozirgina o‘ylagan narsamizni unutib qo‘yamiz?

Nima uchun hozirgina o‘ylagan narsamizni unutib qo‘yamiz?
Foto: Getty Images
Har bir inson shunday vaziyatni boshdan kechirgan bo‘lsa kerak: xonaga kirganda nima uchun kirgani esidan chiqib qoladi yoki biror narsani aytmoqchi bo‘lganda, nima demoqchiligini unutib qo‘yadi. Inson miyasi, odatda, son-sanoqsiz fikr va harakatlarni muvozanatda ushlab turadi, lekin ba’zan u “qotib qolgandek” tuyuladi, deb yozmoqda Live Science.

Bostondagi Shimoli-sharqiy universitetning psixologiya professori Syuzanna Jennining ta’kidlashicha, xotira turli xil kognitiv jarayonlar bilan bog‘liq bo‘lgan komponentlar majmuasidan iborat. Shuni yodda tutish kerakki, xotiraning ikki xil turi mavjud — uzoq muddatli va ishchi xotira:
  • uzoq muddatli xotiralar — uzoq vaqt davomida (bir necha soatdan to butun hayotgacha) saqlanadigan bilim, tajriba va ko‘nikmalarni o‘z ichiga olgan keng kategoriya;
  • ishchi xotira esa ongimizda bir necha soniya yoki daqiqagina saqlanib qoladigan ma’lumotlar.

Aslida, ishchi xotira “ongli fikrlash daftarchasi”ga o‘xshaydi. Massachusets texnologiya instituti neyrobiologiya professori Erl Millerning ta’kidlashicha, har qanday yangi ma’lumot bo‘lagi, ichki muloqot yoki sezgi organlari orqali qabul qilingan ma’lumotlar ishchi xotira orqali o‘tadi. Olimlarning fikricha, ishchi xotiraning ayrim xususiyatlari ba’zi narsalarni nima uchun unutib qo‘yishimizni tushuntirishi mumkin.

Millerning so‘zlariga ko‘ra, bu ikki omilga bog‘liq:
  • birinchidan, ishchi xotiraning sig‘imi cheklangan;
  • ikkinchidan, miya yangi ma’lumotlarga joy ochish uchun muhim bo‘lmagan narsalarni ishchi xotiradan tezda o‘chirib tashlaydi.

Inson miyasi ko‘p vazifani bir vaqtda bajarishga moslashmagani sababli, u amalda turli fikrlarni har xil tomonga yoyib yuborishga majbur bo‘ladi, chunki ishchi xotiramiz turli g‘oyalar orasida sakrab yuradi. Bu esa diqqat va e’tiborni talab etadi va prefrontal miya po‘stlog‘i tomonidan nazorat qilinadi. Prefrontal miya po‘stlog‘i murakkab o‘rganish, qaror qabul qilish va fikr yuritish bilan bog‘liq bo‘lgan sohadir.

Oddiy tilda aytganda, agar diqqatimiz shu fikrlardan biriga qaratilsa yoki yangi bir narsaga chalg‘isak, miyamiz oldingi fikrlarning izini yo‘qotib qo‘yadi. Aynan shu sababli bir necha daqiqa avval o‘ylagan narsalarimizni unutib qo‘yamiz.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, miyamiz uyqusiragan paytda yoki alkogol va giyohvand moddalar ta’sirida, ayniqsa “ishchi xotiradan chiqib ketishga” moyil bo‘ladi. Millerning ta’kidlashicha, buning sabablaridan biri insonning yoshi bo‘lishi mumkin, chunki ishchi xotira funksiyasi 20 yoshda eng yuqori nuqtaga yetadi va o‘rta yoshlarda pasayishni boshlaydi.

Xonaga nima uchun kirganimizni yoki nimani aytmoqchi bo‘lganimizni qanday eslab qolish mumkin?

Olimlar bir vaqtning o‘zida ko‘p ish qilmaslikni maslahat beradi, bu unutish xavfini oshiradi.

Shu bilan birga, agar fikr yodingizdan ko‘tarilgan bo‘lsa, xayolan orqaga qaytib vaziyatni qayta tasavvur qilishga urinib ko‘ring — bu sizga unutgan narsalaringizni eslatishda yordam berishi mumkin.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Nima uchun hozirgina o‘ylagan narsamizni unutib qo‘yamiz?
ePN