21:33 / 17.10.2024
71

Uyquchanlik va doimiy charchoq bilan qanday kurashish mumkin?

Uyquchanlik va doimiy charchoq bilan qanday kurashish mumkin?
Yirik shaharlar va megapolislarda yashovchi zamonaviy insonlarni uyquchanlik holati tez-tez bezovta qiladi. Doimiy shoshib yurish va ish kunining tez o‘tishi tufayli shahar aholisi tobora holsiz bo‘lib boradi. Har kuni uyg‘oniboq yana kech kirishini istaydiganlar ushbu muammoni hal qilishga kompleks tarzda yondashishi lozim.

Foto: Marie Claire
Uyquchanlik sabablari

Mavsumiy uyquchanlikdan tashqari doimiy uyqu istagini keltirib chiqaradigan bir qator boshqa omillar ham mavjud. Masalan, turli kasalliklar, juda kech va kam uxlash, psixologik muammolar, dori-darmonlarning nojo‘ya ta’siri, kislorod yetishmasligi, suvsizlanish, homiladorlik kabilar doimiy charchoqqa sabab bo‘ladi.

Uyquchanlikdan qanday qutulish mumkin?

Avvalo, buning sababni aniqlash kerak. Shifokorga tashrif buyurib, doimiy holsizlik ortida nima borligini tushunishga yordam beradigan tekshiruvlardan o‘tish lozim. Agar sog‘liq bilan bog‘liq muammolar bo‘lmasa, unda quyidagilar tavsiya etiladi.

Birinchidan, kundalik tartibni o‘zgartirish. Har kuni bir vaqtning o‘zida uxlashga yotish va bir vaqtning o‘zida uyg‘onishga harakat qilish zarur. Kuniga kamida yetti soat uxlashga harakat qilish ham muhim. Chunki bu vaqt dam olish va organizmni tiklash uchun optimal hisoblanadi.

Foto: Marie Claire
Agar imkoni bo‘lsa, uyquga yotishdan avval sayr qilish kerak. Bu orqali organizmni kislorod bilan to‘yintirish mumkin. Kislorod yetishmasligi uyquchanlikning sabablaridan biri bo‘lishi tabiiy. Shuning uchun muntazam ravishda xonalarni shamollatishni unutmaslik lozim. Bundan tashqari, sayr tezroq uxlab qolishga yordam beradi va uyqu sifatini yaxshilaydi.

Ratsionni o‘zgartirish ham tavsiya etiladi. Ayniqsa, kuz va qish faslida ovqatlanish tartibiga rioya qilish, xilma-xil va balansli taomlarni iste’mol qilish kerak. Har bir taom oqsil, yog‘, uglevod va yetarli miqdorda vitamin va mikroelementlarning jamlanmasini o‘z ichiga olishi kerak. Bundan tashqari, suv haqida unutmaslik juda ham muhim, organizmda yetarlicha suyuqlik bo‘lishi ham tanani tetik yurishiga yordam beradi. Spirtli ichimliklarni esa ratsiondan chiqarish shart.

Uyquchanlikning yana bir sabablaridan biri depressiya bo‘lishi mumkin. Bunday holatda mutaxassisga murojaat qilish, hayot tarziga ijobiy o‘zgartirishlar kiritish yordam beradi. Masalan, yorqin kiyim kiyish, do‘stlar bilan uchrashish, ko‘ngilochar tadbirlarga borish tavsiya etiladi. Muhimi, depressiya sababini topish va undan xalos bo‘lish kerak.

Qanday mahsulotlar qisqa fursatda tetiklik beradi?

Foto: Marie Claire
Qahva, shakar, energetik ichimliklarni me’yorida ichish energiyani oshirishi mumkin. Albatta, ularni faqat vaqti-vaqti bilan iste’mol qilish kerak.

Jismoniy mashqlarni bajarish, doimiy harakatda bo‘lish, sevimli biror sport mashg‘ulotini bajarish lozim. Bir so‘z bilan aytganda, harakatsizlikdan qochish kerak, chunki u o‘z-o‘zidan uyquchanlikni keltirib chiqaradi.

Tez-tez sayr qilish, toza havodan nafas olish, ish vaqtida 5 daqiqaga tanaffus qilish ham uyquchanlikka qarshi kurashishda yordam beradi.

Faoliyatni o‘zgartirish. Monoton kun tartibi — tetiklikning eng yomon dushmani. Uzoq vaqt davomida bir holatda o‘tirish esa butun organizmda salbiy aks etadi. Shuning uchun ish vaqtida ofis xodimlariga tanada qon aylanishi uchun oddiy va yengil mashqlarni bajarish tavsiya etiladi.

Manba: Daryo.uz

Uyquchanlik, Doimiy charchoq, Kundalik tartib, O‘zgartirish

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Uyquchanlik va doimiy charchoq bilan qanday kurashish mumkin?