Foto: Shutterstock
Kun bo‘yi ish stolida o‘tirish yurak-qon tomir kasalliklari xavfini oshirishi mumkin — bo‘sh vaqtingizda jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish befoyda, deb yozmoqda CNN yangi tadqiqot natijalariga tayanib.
“Natijalar jismoniy faolligingizdan qat’i nazar, haddan tashqari ko‘p o‘tirishdan qochish muhimligini ta’kidlaydi”, — dedi tadqiqot birinchi muallifi, Bostondagi Brigham and Women's shifoxonasi kardiologiya bo‘limi ilmiy xodimi doktor Ezim Ajufo.
"Uzoq o‘tirishning sog‘liqqa zarari haqida avvaldan umumiy tushuncha bor. Ammo qancha vaqt o‘tirishni uzoq deyish mumkinligi va buning aniq xavflarini tushunish uchun qo‘shimcha tadqiqotlar o‘tkazish zarur", deb ta’kidladi Kolumbiya universiteti Tibbiyot markazining xulq-atvor tibbiyoti kafedrasi dots.nti doktor Kiyt Dias.
Diasning so‘zlariga ko‘ra, yangi tadqiqot keng ko‘lamda o‘tkazilgani va unda qo‘llangan usullar bilan alohida ahamiyatga ega.
Amerika kardiologiya kolleji jurnalida e’lon qilingan tadqiqotda aytilishicha, olimlar bir hafta akselerometr (jismoniy faollikni o‘lchaydigan bilaguzuk) taqib yurgan qariyb 90 000 kishining ma’lumotlarini o‘rgandi. Ular tajriba ishtirokchilarining o‘tirgan va faol holatda o‘tkazgan vaqtlarini keyingi yillarda aniqlangan insult, yurak xurujlari va yurak yetishmovchiligi kabi kasalliklar bilan taqqoslab chiqdi.
Tadqiqotga ko‘ra, kam harakatli turmush tarzi nafaqat yurak-qon tomir kasalliklari xavfini oshiradi, balki ortiqcha o‘tirishning muayyan zararlari haqida umumiy tasavvur beradi.
“Biz odamlarga kuniga imkon qadar 10,6 soatdan ortiq o‘tirmaslikni qat’iy tavsiya qilamiz”, — dedi Ajufo. “Bu qat’iy chegara emas, lekin buni jamoat salomatligi uchun birinchi oqilona qadam deb hisoblaymiz”.
Nega o‘tirish bunchalik zararli?
Tadqiqotda foydalanilgan ma’lumotlarda ayrim cheklovlar mavjud.
Ular Buyuk Britaniyaning Biobank loyihasidan olingan. Biobak — yirik biotibbiyot ma’lumotlari bazasi va uzoq muddat davomida odamlarni kuzatib boradigan tadqiqot resursidir. Ajufoning aytishicha, tanlanma asosan oq tanli va kelib chiqishi yevropalik bo‘lgan odamlardan iborat edi, shuning uchun u Osiyo yoki Amerika aholisini to‘liq aks ettirmaydi.
Kuzatuv xarakteriga ega bo‘lgani sababli ushbu tadqiqot o‘tirish yurak kasalligiga bevosita sabab bo‘lishini isbotlay olmaydi, ammo bog‘liqlikni aniqlashga imkon beradi, deb qo‘shimcha qildi u.
Shu bilan birga, Dias kun davomida haddan tashqari uzoq vaqt o‘tirish salbiy oqibatlarga olib kelishi haqiqat ekanini ta’kidladi. U mushaklar qondagi shakar va yog‘ miqdorini tartibga solishda muhim rol o‘ynashini qo‘shimcha qildi. Ular o‘z vazifasini yaxshi bajarishi uchun esa harakat zarur.
“Tanaffuslarni jismoniy faollik bilan o‘tkazish mushaklarga o‘z vazifasini bajarish uchun zarur rag‘batni beradi, buning uchun ko‘p kuch sarflash shart emas”, — dedi Dias.
Harakatni qanday boshlash kerak?
Agar kun bo‘yi ofisda o‘tirsangiz va asosiy harakatlanish ishga borib-kelishdan iborat bo‘lsa, 10 yarim soatlik o‘tirish chegarasiga tezda yetib olishingiz mumkin.
Tik turib ishlaydigan stol sotib olish yechim emas, deb qo‘shimcha qildi Dias. Bir joyda qimirlamasdan turish mushaklarga shakar va yog‘larni samarali parchalash uchun zarur bo‘lgan harakatni bermaydi.
Uning aytishicha, velosiped yoki yugurish yo‘lakchasi o‘rnatilgan ish stoli foydali bo‘lishi mumkin. Ayrim uchrashuvlarni sayr qilib o‘tkazishni ham sinab ko‘rish mumkin.
Dias har yarim-bir soatda bir necha daqiqa turib yurishni yoki bir vazifani tugatgach, keyingisiga o‘tishdan oldin qisqa tanaffus qilishni tavsiya qildi.
Afsuski, kun oxirida to‘liq sport bilan shug‘ullanish uzoq o‘tirishdan kelib chiqqan muammolardan xalos bo‘lishni kafolatlamaydi, dedi Ajufo tadqiqot ma’lumotlariga asoslanib.
“Ba’zi nosog‘lom odatlar o‘rnini ko‘chaga chiqib yugurish bilan qoplay olamiz, deb o‘ylaymiz”, — dedi u. “Natijalardan shunday xulosa chiqadiki, o‘rtacha yoki yuqori darajadagi jismoniy faollik — yugurish yoki tez yurish uzoq o‘tirishning zararli oqibatlaridan qutulish uchun yetarli emas”.
Diasning ta’kidlashicha, tushkunlikka tushmaslik kerak. Mashqlar baribir foydali bo‘lib qoladi va odamlarga turli jihatlardan naf keltiradi.
“Mashq qilsangiz kun bo‘yi o‘tirib sport bilan shug‘ullanmagan odamga qaraganda o‘zingizni ancha yaxshi his qilasiz”, — dedi u. “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
Shimoliy Koreya Rossiyaga uzoqqa zarba beruvchi qurollar yubordi
Global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash alyansiga 82 mamlakat a’zo bo‘ldi
Dunyoning mashhur ayollari kunni qanday boshlaydi?
So‘rovlar: Ukraina va Rossiyada ko‘pchilik tinchlik muzokaralarini xohlayapti
Srechko Katanes: "Ertaga maydonga tushadigan futbolchilar o‘zini ko‘rsatish vaqti keldi"
Ikki tumanning hokim yordamchilari qo‘lga tushdi