21:30 / 08.01.2025
116

Olimlar qish mavsumi uchun eng foydali ichimlikni ma'lum qildi

Olimlar qish mavsumi uchun eng foydali ichimlikni ma'lum qildi
Zamonaviy tadqiqotlar kakao nafaqat yaxshi kayfiyat berishi, balki yurak va miya salomatligiga hissa qoʻshishini isbotlamoqda.

Yuragingiz “rahmat” deydi

Tadqiqotlarga koʻra, kakao tarkibidagi flavonoidlar yurak salomatligiga ijobiy ta'sir koʻrsatishi mumkin. Bu moddalar yalligʻlanishni kamaytiradi, qon oqimini yaxshilaydi va qon bosimini me'yorda ushlab turishga yordam beradi.

2017 yilda Tsyurix universiteti olimlari tomonidan olib borilgan “Cocoa, Blood Pressure, and Vascular Function” nomli tadqiqot natijalariga koʻra, kakaoni muntazam iste'mol qilish qon tomirlari faoliyatiga ijobiy ta'sir koʻrsatadi va arterial qon bosimini pasaytiradi. Tadqiqotda qayd etilishicha, kakao qon tomirlarni kengaytiruvchi va ularning elastikligini saqlab qolishga yordam beruvchi azot oksidi ishlab chiqarilishini yaxshilaydi.

Xolesterin miqdorini kamaytiradi

Qon bosimini tushirishdan tashqari, kakao yurak xurujlari va insult xavfini kamaytirishi mumkin boʻlgan boshqa xususiyatlarga ham ega. Tadqiqotlar kakao “zararli” xolesterin darajasini pasaytirishi, yalligʻlanishni kamaytirishi va aspirin kabi qonni suyultiruvchi tabiiy vosita boʻla olishini koʻrsatdi.

2016 yilda Harvard tibbiyot maktabi va Braun universiteti olimlari tomonidan oʻtkazilgan meta-tahlilda 1100 dan ortiq ishtirokchi qatnashgan 19 ta klinik tadqiqot natijalari oʻrganildi. Xulosa qilinishicha, kakaoni muntazam iste'mol qilish organizmning insulinga sezuvchanligini oshiradi, bu esa oʻz navbatida yurak xurujlari va insult xavfini kamaytiradi.

Ammo kakao ishlov berish va qizdirish jarayonida oʻz foydali xususiyatlarini 60 foizgacha yoʻqotishi mumkin.

Miya salomatligi

Bostondagi Hebrew SeniorLife keksayish tadqiqotlari institutidan Farzane Sorond va uning jamoasi oʻtkazgan tadqiqotda har kuni kakao iste'mol qiladigan 34 nafar keksa koʻngillida oʻrta miya arteriyasidagi qon oqimi tezligi sezilarli darajada yaxshilangani kuzatildi.

Flavanolga boy kakao iste'mol qilingandan soʻng, miyaga qon oqimi bir hafta ichida 8 foizga, ikki hafta ichida 10 foizga oshgan. Demak, hatto qisqa muddatli iste'mol ham xotira va diqqatga ijobiy ta'sir koʻrsatishi mumkin.

Yoshlar orasida olib borilgan tadqiqotlar esa kakaoni muntazam iste'mol qilish diqqatni jamlash qobiliyatini oshirishi va neyronlar oʻsishiga yordam berishini koʻrsatgan. 366 nafar ishtirokchi bilan oʻtkazilgan 11 ta klinik tadqiqot kakao miya faoliyatini qoʻllab-quvvatlashi va aqliy qobiliyatlarni yaxshilashi mumkinligini isbotlagan.

Kakaoni toʻgʻri iste'mol qilish

Maksimal foyda olish uchun tarkibida shakar va qoʻshimchalari boʻlmagan kakaoni tanlash kerak.

Evropa oziq-ovqat xavfsizligi agentligi kuniga tarkibida yuqori miqdorda flavanollar boʻlgan taxminan 2,5 gramm kakao kukuni yoki tarkibida kamida 70 foiz kakao mavjud boʻlgan 10 gramm qora shokolad iste'mol qilishni tavsiya etadi.

Kakaoni iste'mol qilish usullari:

· Issiq shokolad tayyorlash.
· Ertalabki smuzilarga kakao qoʻshish.
· Kakaodan foydali shirinliklar tayyorlashda foydalanish.
· Mevalar ustiga sepish, ayniqsa banan yoki qulupnay bilan juda mazali ketadi.

Allergiya, qandli diabet yoki boshqa kasalliklar bilan ogʻrigan odamlarga kakaoni iste'mol qilishdan oldin shifokor bilan maslahatlashish tavsiya etiladi!

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun