22:01 / 30.01.2025
44

Oʻzimizning ichki dunyomiz, "soya" deb ataladigan qismimiz haqida mulohaza

Oʻzimizning ichki dunyomiz, "soya" deb ataladigan qismimiz haqida mulohaza
Koʻpincha oʻzimizning aybsiz, xatolarsiz, mukammal obrazimizni yaratishga harakat qilamiz. Ammo, har birimizda qorongʻu tomonlar, yashirin qoʻrquvlar, shubhalar va echilmagan muammolar mavjud. Biz ulardan qochishga, unutishga yoki oʻzimizni unutganday tutishga urinamiz. Aslida, aynan ana shu "soyalar"imiz bizning aslida kim ekanimizni yashiradi.

Tasavvur qiling, bir xonada oʻtiribsiz. Xonaning bir cheti yorugʻ, bir cheti qorongʻu. Siz doim yorugʻlikka intilib, qorongʻulikdan qochasiz. Ammo qorongʻulikda nima borligini bilmaysiz, balki u erda xazina bordir? Balki siz qidirayotgan narsa aynan oʻsha qorongʻulikdadir?

Xuddi shu tarzda bizning qoʻrquvlarimiz, shubhalarimiz va echilmagan muammolarimiz qorongʻu xonaning yopiq eshiklari ortida boʻlishi mumkin. Ulardan qochganimiz sari, ularning bizni ustimizdagi hukmronligi ortib boraveradi.

Misol uchun, odamlarga yoki koʻpchilik ichida gapirishdan qoʻrqadigan (masalan, men) inson bor deylik. U doim bu qoʻrquvini yashirishga, undan qochishga harakat qilaveradi. Ammo, bu qoʻrquv uning hayotini chegaralaydi, yangi imkoniyatlardan mahrum qiladi. Agar u bu qoʻrquvni tan olsa, uning sabablarini tushunsa va u bilan ishlasa, u oʻzining toʻliq salohiyatini ochib berishi mumkin.

Deylik, yana bir misol: oʻzining gʻazabini yashiradigan inson bor. U gʻazabini namoyish qilishdan qoʻrqadi va uni ichiga doimiy yutadi. Bu esa uning sogʻligʻiga, boshqalar bilan boʻladigan munosabatlariga salbiy ta'sir koʻrsatadi. Gʻazabini tan olish va uni sogʻlom yoʻl bilan ifodalashni oʻrganish orqali u bu muammoni hal qilishi mumkin.

Xuddi shu tarzda kimgadir boʻlgan simpatiyasini, mehr-muhabbatini va sevgisini bildira olmaydigan odamlar (ayniqsa bizga oʻxshash jamiyatlardagi "UYaT" sindromi yoki axloqni qandaydir jamiyat belgilab bergan rollari sabab) bor. Kimgadir boʻlgan hissiyotlarini tan olishdan qoʻrqadi turli ongli va ongsiz sabablarga koʻra. Aslida avvalo oʻzi uchun tan olib, nima uchun shunday boʻlganligini sababini bilsa edi, oʻzini nazorat qilish ham shunchalik erkin boʻlar edi.

Oʻzimizning "soya" tomonlarimizni qabul qilish bu - zaiflik emas, balki kuchlilik belgisi. Bu bizning oʻzimizni toʻliq anglash va qabul qilishimizga, ichkarimiz bilan garmoniyaga erishishimizga yordam beradi. Oʻzini toʻliq qabul qilgan insongina hayotda baxtli, toʻlaqonli sifatli hayot kechira oladi va muvaffaqiyatli boʻla oladi.

Bu mavzuda siz nimalarni oʻylaysiz yoki shunga oid qanday misollar boʻlgan hayotingizda?

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Foydali