15:35 / 13.02.2025
40

Tadqiqot: haftada atigi bitta tuxum iste'moli yurak kasalliklaridan asraydi

Tadqiqot: haftada atigi bitta tuxum iste'moli yurak kasalliklaridan asraydi
Tovuq tuxumini muntazam iste'mol qilish keksalar orasida yurak-qon tomir kasalliklaridan oʻlim xavfini pasaytirishi mumkin, deyiladi yangi tadqiqotda.

Avstraliyaning Monash universiteti tadqiqotchilari 70 va undan katta yoshdagi 8700 dan ortiq odamni kuzatdi.

Haftasiga bittadan oltitagacha tuxum iste'mol qilganlar orasida har qanday sababga koʻra vafot etish xavfi, oyiga ikki marta yoki undan kamroq tuxum eydigan kishilarga nisbatan 15 foiz pastroq ekani aniqlandi.

«Nutrients» jurnalida e'lon qilingan natijalarga koʻra, ularda yurak-qon tomir kasalliklaridan oʻlim xavfi ham 29 foizga pasaygan.

«Bu natijalar keksalar uchun ovqatlanish boʻyicha ilmiy asoslangan tavsiyalarni ishlab chiqishda foydali boʻlishi mumkin», — dedi universitetining epidemiologiya va profilaktik tibbiyot oʻqituvchisi Xolli Uayld.

Tuxum iste'mol qilishning foydasi

Mutaxassis tuxum oqsil va asosiy oziq moddalarning manbai ekanini qoʻshimcha qildi. Bular jumlasiga B guruhi vitaminlari, folat, toʻyinmagan yogʻ kislotalari, yogʻda eriydigan vitaminlar (E, D, A va K), xolin hamda koʻplab minerallar kiradi.

Ammo uzoq vaqt davomida olimlar tuxum iste'molini xolesterin darajasi yuqori boʻlgan odamlar uchun xavfli deb hisoblashgan. Xolesterin qon tomirlarida trombga olib kelishi mumkin, bu esa oʻz navbatida yurak kasalliklari yoki insult xavfini oshiradi.

Shuning uchun jamoa yuqori xolesterin tashxisi qoʻyilgan odamlar orasida qoʻshimcha tadqiqot oʻtkazdi.

«Bunday tashxisga ega va har hafta tuxum iste'mol qiladigan ishtirokchilarda yurak-qon tomir kasalliklaridan oʻlim xavfi, tuxumni kamdan kam yoki umuman iste'mol qilmaydigan ishtirokchilarga nisbatan 27 foiz past ekanini aniqladik. Bu esa ushbu guruhdagi odamlarga tuxum iste'moli xavf tugʻdirmasligini anglatadi», — dedi Uayld.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Foydali