16:03 / 17.02.2025
222

Tadqiqot: dorilarni sut bilan ichish ularning ta'sirini yaxshilaydi

Tadqiqot: dorilarni sut bilan ichish ularning ta'sirini yaxshilaydi
Monash universiteti rahbarligida oʻtkazilgan yangi tadqiqot inson va sigir sutini qoʻshib ichish ayrim dorilarning samaradorligini sezilarli darajada oshirishini aniqladi.

Avvalgi tajribalar sut yordamida turli dorilar organizmga yaxshiroq singishini koʻrsatgan edi — bezgakka qarshi dorilar va parazitar infektsiyalarni davolashda qoʻllanadigan prazikvantel shular jumlasidandir. Soʻnggi tadqiqot natijasida deyarli har bir xonadonda topiladigan ushbu mahsulot dori-darmonlarning organizmga soʻrilishini oshirishiga shubha qolmadi. Bu ayniqsa bolalarni davolashda muhim.

“Biosinguvchanlik” atamasi dorining qon oqimiga qancha miqdorda kirishini ifodalaydi. Bu bir necha omillarga, jumladan, oshqozon va ichak pH darajasiga bogʻliq. Bundan tashqari, oshqozon-ichak traktidagi fermentlar va metabolizm ham soʻrilishga ta'sir koʻrsatadi.

Tanamiz asosan suvdan iborat — agar dori suvda yomon erisa, uning faqat bir qismi qonga oʻtadi. Lipofil dorilar yaxshi erishi va singishi uchun yogʻ kerak (shuning uchun shifokorlar ba'zi tabletkalarni ovqat bilan ichishni tavsiya qiladi).

Sutda yogʻ miqdori yuqori boʻlgani sababli suvda yomon eriydigan moddalar inson yoki sigir suti bilan aralashtirilganda samarali ta'sir qiladi.

Hayvonlarda oʻtkazilgan tajriba davomida olimlar sut bilan aralashtirib ichilgan dorilar 175 foizgacha samaraliroq soʻrilishini aniqladi.

Ammo past va oʻrta daromadli mamlakatlarda tibbiy preparatlarda sutdan foydalanish bilan bogʻliq muayyan muammolar mavjud. Sovitish imkoniyati cheklangani tufayli, masalan, Afrikadagi oddiy odamlar hayotiga bunday amaliyotlarni joriy etish qiyin boʻlishi mumkin. Shu sababli, olimlar xavfsiz va samarali sut formulalarini ishlab chiqishga urinmoqda. Bu formulalar issiq iqlim sharoitida ham bemorlarning keng doirasi uchun qulay boʻlishi kerak.

Ushbu sohadagi keyingi tadqiqotlar bolalar uchun yanada samaraliroq va xavfsizroq dori vositalarini ishlab chiqishga yordam berishi mumkin. Bu ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlardagi cheklangan resurslar sharoitida juda dolzarb masala.

Sut oʻz tarkibidagi yogʻlar, oqsillar va uglevodlar tufayli ba'zi dori vositalarining yaxshiroq oʻzlashtirilishiga yordam beradi. Yogʻlar bilan ayrim vitaminlar va dori moddalari yaxshiroq soʻriladi. Oqsillar esa dori vositalarining faol tarkibiy qismlari bilan bogʻlanib, ularning ajralib chiqishini sekinlashtiradi va ta'sir muddatini uzaytiradi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Foydali