
Zamonaviy hayot tarzi ko‘pchilikni doimiy charchoq, asabiylik va uyqu buzilishlari bilan yuzma-yuz qiladi. Bu muammolarga dori vositalari orqali yechim izlash urf bo‘lgan bo‘lsa-da, mutaxassislar tabiiy manbalar, xususan, magniyga boy mahsulotlar iste’molini tavsiya etadilar.
Magniy – inson organizmi uchun muhim mineral bo‘lib, u qon bosimini me’yorlashtiradi, asab tizimini mustahkamlaydi, stress va charchoqni kamaytiradi. Shuningdek, magniy tishlar va suyaklar salomatligini qo‘llab-quvvatlaydi, qon tarkibidagi glyukoza miqdorini nazorat qiladi.
Magniy yetishmovchiligi charchoq, asabiylik, uyqusizlik va mushaklar tarangligiga olib kelishi mumkin. Uni tabiiy yo‘l bilan to‘ldirishning eng yaxshi usuli magniyga boy mevalarni ratsionga kiritishdir. Quyida magniy manbai bo‘lgan eng foydali mevalar haqida ma’lumot beramiz.
1. Avokado
Avokado nafaqat magniy, balki V guruhi vitaminlari, omega-yog‘ kislotalari va kletchatkaga ham boy.
Bir piyola (kubik shaklida to‘g‘ralgan) avokadoda 43,5 mg magniy mavjud bo‘lib, bu kunlik me’yorning qariyb 10% ni tashkil etadi.
Shuningdek, u yurak salomatligini yaxshilashga va metabolizmni me’yorlashtirishga yordam beradi.
2. Quritilgan o‘rik
Quritilgan o‘rik – qon bosimini nazorat qilish va yurak-qon tomir tizimi salomatligini saqlash uchun ajoyib mahsulot.
100 gramm quritilgan o‘rikda 105 mg magniy bor. U kaliy va temirga ham boy bo‘lib, anemiyaning oldini oladi.
3. Banan
Banan – sportchilar va faol turmush tarzi olib boruvchilar uchun ajoyib energiya manbaidir.
200 gramm og‘irlikdagi bitta banan 55 mg magniy saqlaydi (kunlik normaning 13% i). 100 gramm quritilgan bananda esa 108 mg magniy mavjud.
Banan serotonin hosil bo‘lishini rag‘batlantiradi, bu esa kayfiyatni ko‘tarishga va stressni kamaytirishga yordam beradi.
4. Quritilgan olxo‘ri
Quritilgan olxo‘ri ichak faoliyatini yaxshilaydi, organizmni shlak va toksinlardan tozalaydi.
100 gramm quritilgan olxo‘rida 41 mg magniy bor. Shuningdek, u kaliy, temir va antioksidantlarga boy.
5. Xurmo
Xurmo asab tizimini mustahkamlaydi va umumiy tonusni oshiradi.
100 gramm xurmoda 56 mg magniy mavjud. U, shuningdek, sink va temir manbai bo‘lib, qon hosil qilish jarayonini yaxshilaydi.
6. Marakuyya
Marakuyya – tropik mevalar ichida magniy miqdori bo‘yicha yetakchilardan biri.
100 gramm marakuyyada 29 mg magniy bor. Uning tarkibidagi antioksidantlar immunitetni mustahkamlaydi, uyqu sifati va asab tizimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
7. Arab xurmosi
Arab xurmosi – tabiiy energetik bo‘lib, organizmni kuch bilan ta’minlaydi.
100 gramm quritilgan arab xurmosi 69 mg magniyga boy. U, shuningdek, jigar faoliyatini yaxshilaydi va organizmni toksinlardan tozalashga yordam beradi.
Magniy inson organizmi uchun juda zarur mineral bo‘lib, uning tanqisligi stress, charchoq va asabiylikka olib kelishi mumkin. Tabiiy ravishda magniy miqdorini oshirish uchun avokado, banan, xurmo, quritilgan o‘rik va arab xurmosi kabi mevalarni ratsionga kiritish tavsiya etiladi.
Bu mevalar nafaqat asab tizimini mustahkamlash, balki yurak-qon tomir tizimi, suyaklar va mushaklar salomatligini saqlash uchun ham foydali. Ulardan muntazam foydalanish orqali organizmni tabiiy yo‘l bilan qo‘llab-quvvatlash va sog‘liqni mustahkamlash mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar