date
views 435

Kardiolog ogohlantirdi: Nonushtada shirinlik – salomatlikka xiyonat!

Kardiolog ogohlantirdi: Nonushtada shirinlik – salomatlikka xiyonat!
Tongda konfet, pechene yoki boshqa shirin mahsulotlar bilan nonushta qilish ko‘pchilik uchun odatiy holatga aylangan. Ammo Ispaniyalik taniqli kardiolog, doktor Xose Abelyan bu borada jiddiy ogohlantiruv berdi. Uning La Razon nashriga bergan intervyusida ta’kidlashicha, bunday shirin nonushta nafaqat salomatlik uchun zararli, balki butun kun davomidagi energiya, kayfiyat va metabolik faollikni izdan chiqarishi mumkin.

Abelyanga ko‘ra, inson organizmi tonggi ovqat orqali "metabolik ton"ni o‘rnatadi. Ya’ni, nonushta nafaqat to‘yish ehtiyojini qondirishi, balki butun organizmni kuniga tayyorlashda muhim vazifa o‘taydi. Agar nonushta tarkibida asosan shirin mahsulotlar — konfet, tort, donli pechene bo‘lsa, bu ishtahani nazoratsiz ko‘paytirib, ortiqcha kaloriya olishga, hatto kun davomida qayta-qayta ovqat yeyishga olib keladi.

“Shirin mahsulotlar asosan qayta ishlangan, tarkibida foydali mikroelementlar – vitamin, mineral, oqsil, murakkab uglevodlar deyarli yo‘q”, – deya ta’kidlaydi kardiolog.

Uning fikricha, nonushtadan so‘ng qonda glyukoza miqdori keskin oshadi, bu esa ortiqcha vazn, insulin qarshiligi, immunitetning susayishi va yurak-qon tomir kasalliklari xavfini sezilarli darajada oshiradi.

Shuningdek, doktor Abelyan shirinliklarni butunlay rad etishga chaqirmaydi. U ulardan to‘g‘ri va me’yorda foydalanish tarafdori:

“Masala konfet yemaslikda emas, balki to‘liq va foydali nonushtani shirinlikka almashtirishda. Agar inson shirinni vaqti-vaqti bilan yeydigan bo‘lsa – bundan hech qanday zarar yo‘q. Ammo bu har kuni ertalab nonushta o‘rnida bo‘lsa – xavfli odatga aylanadi”, – deya ogohlantiradi u.

Mutaxassislar nonushtada oqsil, sog‘lom yog‘lar va murakkab uglevodlarga boy ovqatlarni — masalan, tuxum, avokado, grechka, sabzavotlar yoki go‘shtli sendvichlar kabi foydali alternativalariga ustuvorlik berishni tavsiya etmoqda.

Shunday ekan, tongdagi ilk ovqat tanlovi — faqat ovqatlanish emas, balki salomatlik, hayot tarzi va kelajakdagi kasalliklardan saqlanishning dastlabki qadami ekanini unutmang.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Foydali » Kardiolog ogohlantirdi: Nonushtada shirinlik – salomatlikka xiyonat!