date

80 yoshdan o‘tganlar aytdi: Hayotda afsuslanmaslik uchun yoshlar nima qilish kerak?

80 yoshdan o‘tganlar aytdi: Hayotda afsuslanmaslik uchun yoshlar nima qilish kerak?
Hayotda har bir inson noto‘g‘ri qaror qabul qilishi yoki muhim imkoniyatni qo‘ldan chiqarishi mumkin. Ayrimlar bunday voqealardan uzoq yillar davomida afsusda yuradi, boshqalar esa ulardan saboq chiqarib, keyingi qadamlarini ishonch bilan tashlaydi. Ammo afsus va nadomat hissi umrning chekka yoshida ko‘proq yaqqollashadi.

Huffpost nashri 80 yoshdan oshgan insonlar orasida so‘rovnoma o‘tkazib, ularning hayotdagi eng katta afsuslari haqida bilib oldi. Ushbu so‘rov natijalari yoshlar uchun hayotiy saboq bo‘lishi mumkin.

1. Boshqalarning fikridan xavotirlanish — hayot energiyasini isrof qilish

So‘rovda ishtirok etgan katta yoshlilarning ko‘pchiligi yoshlik chog‘ida boshqalar nima deb o‘ylashidan juda xavotirlanganini ta’kidladi. Ular endi tushunib yetganki, odamlar o‘zlari haqida boshqalar o‘ylaganchalik ko‘p qayg‘urishmaydi. Ko‘pchilik butun umr davomida, biror qaror qabul qilishdan avval atrofdagilarning fikrini o‘ylab, o‘z vaqti va quvvatini behuda yo‘qotganini afsus bilan eslashdi. Ular yoshlar uchun eng muhim maslahat — boshqalarning munosabati va bahosi uchun yashamaslik, balki o‘z qadriyatlariga sodiq bo‘lib, erkin yashashdir.

2. Kelajak haqida ortiqcha o‘ylash — doimiy tashvish va qo‘rquv manbai

80 yoshdan oshganlar yoshlikda hali sodir bo‘lmagan voqealar uchun ortiqcha xavotirga tushganlarini aytishdi. Hayot tajribasi ularga shunday xulosani berdiki, ko‘pincha xavotir va qo‘rquvlar umuman amalga oshmaydi. Ba’zi narsalar kutilmagan holda sodir bo‘ladi, ba’zilari esa hech qachon yuz bermaydi. Shu sabab, hayotni va har bir kunni qadrlash, tashvish o‘rniga dadil qaror qabul qilishni maslahat berishmoqda.

Katta avloddan hayotiy xulosa: Vaqt — eng katta boylik

So‘rovda qatnashganlar yoshlarga murojaat qilib, bezovtalik va xavotir o‘rniga bor imkoniyatlarni amalga oshirish, vaqtni foydaga sarflash, har bir kundan maksimal foyda olish kerakligini uqtirishdi. Chunki hayotdagi eng katta afsus — shuncha yil xavotir va o‘zini to‘xtatib yashagan kunlardir.

Zamin.uz tahririyatidan:
Yoshlikda qabul qilingan qarorlar va ishonchsizliklar keksa yoshda afsus tuyg‘usini keltirib chiqaradi. Shuning uchun vaqtni va imkoniyatlarni qadrlang, qo‘rquv va xavotirni ortga tashlab, hayotingizni o‘z qo‘lingizga oling!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Foydali » 80 yoshdan o‘tganlar aytdi: Hayotda afsuslanmaslik uchun yoshlar nima qilish kerak?