Gollivud yulduzi Nikolas Keyj yer yorig‘i sababli hashamatli uyidan ayrilib qoldi

Gollivudning taniqli aktyori Nikolas Keyj Malibudagi hashamatli uyini tark etishga majbur bo‘ldi. Uning hovlisi yaqinida katta yer yorig‘i paydo bo‘lib, hududda ko‘chki xavfi yuzaga kelgan. Xavfsizlik nuqtayi nazaridan aktyor oilasi bilan vaqtincha mehmonxonaga ko‘chirilgan. Bu haqda Hello nashriga tayanib, «Korrespondent» xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, sentyabr oyi boshida Malibuda jiddiy geologik muammo yuzaga kelgan. Aktyorning uyi yaqinidagi yo‘lning bir qismi o‘pirilib, yerda katta yoriq hosil bo‘lgan. Oqibatda hududdagi gaz quvuriga ham shikast yetgan. Vaziyat xavfli tus olgani sababli nafaqat Keyjning oilasi, balki yaqin atrofdagi boshqa xonadonlar aholisi ham xavfsiz joyga ko‘chirilgan.
Aktyor ushbu mulkni 2024 yilda 10,5 million dollarga sotib olgan edi. Biroq oradan ko‘p vaqt o‘tmay, tabiiy ofat xavfi sababli u uyidan foydalanish imkonidan mahrum bo‘ldi.
Jurnalistlar Nikolas Keyjdan Hellouin bayramini qanday nishonlashini so‘raganida, aktyor bu yil bayramni o‘z uyida o‘tkaza olmasligini aytgan.
«Hozir uysiz qoldim. Malibudagi uyim bilan bog‘liq muammo sababli shunchaki mehmonxonalarda yashab turibman», — degan aktyor.
Mahalliy mutasaddilar hududda favqulodda holat e’lon qilgan. Xavf sababli jami 31 ta uyda yashovchi fuqarolar ko‘chirilgan. Kuchli yomg‘irlar va «Mari» to‘foni oqibatida tuproq ko‘chishi hamda suv toshqini xavfi yanada ortgani bildirilgan.
Hozircha shikastlangan yo‘l qachon tiklanishi va ko‘chirilgan aholi o‘z uylariga qachon qaytishi ma’lum emas. Shu bois Nikolas Keyj rafiqasi, rassom Riko Shibata hamda kichik qizi Avgusta Francheska bilan vaqtincha mehmonxonada yashashda davom etmoqda.
Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar

































Izohlar0
…